Guliston, Qarshi, Samarqand, Urganch va Farg‘onada prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallari tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston prezidentining 6 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallarini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hududlarda malaka oshirish rejalari mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, shuningdek, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning boshqaruv kadrlari va mas’ul xodimlari tarkibidan shakllantiriladigan buyurtmalar asosida Akademiya tomonidan tasdiqlanadi.

Hududiy filiallarda o‘quv jarayoni zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etgan holda boshqaruv kadrlari ko‘nikmalarini shakllantirish, interfaol mashg‘ulotlar va davra suhbatlarini muntazam o‘tkazish, hududlarda yuzaga kelgan muammolarni tahlil qilish va hal etish asosida tashkil etiladi.

Hududiy filiallardagi malaka oshirish kurslarida ish joyidan ajralgan holda ta’lim olayotgan tinglovchilar uchun o‘qish davrida asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.

Hududiy filiallarda boshqaruv kadrlari ishlab chiqarishdan ajralmagan holda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida davomiyligi bir oydan oshmagan qisqa muddatli dasturlar bo‘yicha malaka oshiradi.

Malaka oshirish kurslariga faqatgina mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari hamda boshqa davlat tashkilotlarining boshqaruv kadrlari va mas’ul xodimlari davlat granti asosida qabul qilinadi.