O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidagi Qo‘qon hamda Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasidagi Pxochxon shaharlari qardoshlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Qardoshlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi memorandum Koreya Respublikasida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Pxochxon shahri meri So Janvon tomonidan imzolandi, deya xabar qildi viloyat ma’muriyati matbuot xizmati.

Ikki shahar o‘rtasidagi qardoshlik aloqalarining o‘rnatilishi iqtisodiyot, investitsiya va turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi vaqtida Seul, Inchxon, Kvanju va Xvasongdagi yirik kompaniyalar bilan ham memorandum va shartnomalar imzolandi.

Korea Heating Corporation Farg‘ona viloyatida isitish tizimini rekonstruksiya qilishda ishtirok etadi.

UKO Global Light kompaniyasi bilan hamkorlikda Farg‘onada chiqindilarni qayta ishlash yo‘li bilan elektr energiyasi ishlab chiqish bo‘yicha loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Taeho Machinery va «Bahodir Logon tekstil» to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va tayyor mahsulotlarni Janubiy Koreyaga eksport qilish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

Chung Construction Design Group Farg‘onada to‘rt yulduzli mehmonxona va ko‘p qavatli uylarni loyihalashtirish hamda qurish bilan shug‘ullanadi. Sang Myong Uchko‘prik tumanida 12 ga maydonda sog‘lomlashtirish turizm markazi va tibbiyot klinikasi qurilishiga investitsiya kiritadi.

Doori Enginering va «Bahodir Agrosanoat» korxonasi 50 ga maydonga gidroponika usulida issiqxona tashkil etish hamda hosilni Koreya Respublikasiga eksport qilishni mo‘ljallamoqda. Crechiko kompaniyasi bilanFarg‘onada yirik parrandachilik majmuasini qurish va yiliga 10 ming tonna tovuq go‘shti olishga kelishildi.