Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan 13-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari maktab ma’muriyati tomonidan maktab hududida majburiy mehnatga jalb etilganligi haqida fotolavhalar joylashtirilgan.

Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, vazirlikning mas’ul xodimlari tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish uchun joyiga chiqib o‘rganish o‘tkazildi. Natijada o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari o‘z tasdig‘ini topgan, deyiladi O‘zA xabarida.

Aniqlanishicha, joriy yilning 1 avgust kuni maktab hududini obodonlashtirish ishlariga 15 nafar pedagog-xodim jalb etilgan.

Yangiyo‘l tuman adliya bo‘limi xodimlari joriy yilning 4 avgust kuni 13-umumta’lim maktabida yig‘ilish o‘tkazib, unda barcha pedagog-xodimlarga Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berish va uning asoslari haqida tushuntirishlar berib o‘tildi.

Shuningdek, joriy yilning 6 avgust kuni Yangiyo‘l tuman Xalq ta’limi bo‘limiga maktab ma’muriyatiga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish haqida taqdimnoma kiritildi.