O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Bojxona va soliq sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi Bosh prokuraturaning soliq va bojxona islohtlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasiga aylantirildi.

Bu haqda prezidentning 2 avgustda imzolangan soliq va bojxona islohotlarining huquqiy hamrohligi to‘g‘risdagi farmonida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, Bosh prokuratura boshqarmasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • soliq va bojxona islohotlarining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan nazorat;
  • soliq va bojxona organlari tomonidan qonunchilik talablariga so‘zsiz amal qilinishini ta’minlash;
  • soliq va bojxona sohalarida qonuniy holatini tizimli tahlil qilish, qonun buzilishlari va korrupsion holatlarni aniqlash hamda bartaraf etish;
  • soliqqa tortish, soliq va bojxona ma’murchiligi tizimlarini takomillashtirishda ishtirok etish;
  • soliq to‘lovchilari va soliqqa tortish ob’ektlari, shuningdek soliq va bojxona to‘lovlari yig‘imlarini to‘liq qamrab olish ustidan nazorat o‘rnatish;
  • soliq, bojxona, moliya organlari, joylardagi mahalliy hukumat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan soliqqa tortish bazasini kengaytirish bo‘yicha yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish;
  • soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarning axborot bazasini to‘laqonli yuritish uchun soliq to‘lovchilarni pasportlashtirishni muvofiqlashtirish.

Soliq va bojxona sohalarida qonunchilik ijrosi utidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan bosh prokuror o‘rinbosari, shuningdek barcha viloyatlarda mazkur sohalarda prokuror o‘rinbosari lavozimlari joriy etiladi.

Ikki hafta ichida soliq islohotlarini amalga oshirish va byudjetga qo‘shimcha daromadlar zaxirasini aniqlash bo‘yicha ekspert ishchi guruhi tashkil etiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda hisob palatasiga bir oy muddat ichida soliqlardan qochish, jismoniy shaxslarning davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi sabablari va mexanizmlarini o‘rganish topshirildi.

1 oktyabrdan bozorlar va savdo majmualari tomonidan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatilishidan tushuvchi tushumlarning avtomatlashtirilgan hisobini yuritish bo‘yicha axborot tizimi ishlab chiqilib, joriy etiladi.