O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan keyinchalik bir yilga uzaytirilishi mumkin bo‘lgan uch yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda argentinalik 62 yoshli mutaxassis matbuot anjumani vaqtida aytib o‘tdi.

UFA vakili agarda JCH-2022 saralashidan omali o‘tiladigan bo‘lsa, shartnoma uzaytirilishini aytdi. Biroq u murabbiy bilan o‘zaro kelishuv borligi sababli uning maoshi va muosbaqalarda qo‘lga kiritiladigan g‘alaba uchun beriladigan bonuslar haqida ma’lumot bermadi.

Ektor Kuper o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olishiga ishonmoqda. «Bu ishni eplay olishimga ishonyapman. Menda bunga yetarlicha motivatsiya bor. Agar o‘zimga ishonmaganimda, bu ishga kirishmagan bo‘lardim», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kuper ikki sababga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishga rozi bo‘lgan. «Bitta sabab — O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo chempionatidagi g‘alabasi. Ikkinchidan, assotsiatsiyaning qo‘ygan vazifa va maqsadlari menga qiziq tuyuldi», — dedi Ektor Kuper.

O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga chiqish imkoniyati haqida gapirar ekan, mutaxassis hamma narsa bo‘lishi mumkinligini bildirdi. «Ishlashga va bor kuchimni shunga [O‘zbekistonning JCH-2022 ga chiqishiga] sarflashga va’da beraman. Keyin imkoniyatlarni muhokama qilamiz», — dedi u.

Argentinalik murabbiy shuningdek faqat milliy terma jamoaning natijalariga javob berishini aytdi. «Men faqat O‘zbekiston milliy terma jamoasiga javob beraman. Olimpiya terma jamoasiga ham yordam berishim mumkin, ammo uning uchun javob bermayman», — dedi yangi bosh murabbiy.