O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqaradigan argentinalik mutaxassis Ektor Kuper bugun, 6 avgust kuni Toshkentga yetib keldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining telegramdagi rasmiy kanali orqali xabar berildi.

Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda Kuperni futbol ishqibozlari, O‘FA rahbariyati va jamoatchilik vakillari kutib oldi.

Ektor Kuper bugun Milliy olimpiya qo‘mitasining anjumanlar zalida soat 15:00da futbol muxlislariga tanishtiriladi. Shundan so‘ng u bilan matbuot anjumani tashkil etiladi. Anjumanda barcha turdagi OAV vakillari ishtirok etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Ektor Kuperning so‘nggi ish joyi Misr terma jamoasi bo‘lib, argentinalik mutaxassis ushbu jamoa bilan Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida qatnashgandi.