Hukumat qarori bilan «Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida badiiy filmlarni kino va videotasvirga olish tartibi to‘g‘risida"gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra xorijiy kinokompaniyalar tomonidan filmni ishlab chiqarish Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi hisobiga amalga oshirilgan hollarda ruxsatnoma olish talab etilmaydigan bo‘ldi.

Ruxsatnoma olish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni suratga olish ishlari boshlanishidan kamida ikki oy oldin Agentlikka taqdim etish amaliyoti bekor qilindi.

Film olish uchun ruxsatnoma to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan keyin bir ish kunida berilishi belgilandi (ilgari bu muddat uch kun edi).

Ruxsatnoma berilish rad etilishi uchun asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish o‘n kunlik muddatdan besh kunga qisqartirildi.

Mazkur ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlar bartaraf etilgan kunda ruxsatnomaning amal qilishini tiklash tizimi joriy etildi.