Quyichirchiq tumani IIB ga 24 yoshli Zera Gaziyeva ariza bilan murojaat qilib, o‘zi bilan birga yashab kelayotgan buvisi Sultaniya Gaziyevani qasddan o‘ldirganini ma’lum qiladi. Bu haqda Bosh prokuraturaning Feysbukdagi sahifasi orqali xabar berildi.

Ota-onasi ajrashib ketgandan so‘ng Zera va uning singlisi buvisining qaramog‘ida qoladi. Onasi ham kasallik sabab erta olamdan o‘tadi.Jajji go‘daklarni ulg‘aytirishni zimmasiga olgan ayol ularni boqa olmaganini ro‘kach qilib, Mehribonlik uyiga topshirib yuboradi.

Zera bilan singlisi ham ulg‘ayib, 14- 15 yoshga kirib qolganda buvisi ularni Mehribonlik uyidan olib keladi va yana birga yashay boshlaydi. Ammo qizlar uchun qora kunlar boshlanadi. Zerani o‘gay bobosi tomonidan zo‘rlanib, xo‘rlanishiga ham hech kim e’tibor bermaydi. Shundan keyin endigina 15 yoshga kirgan qizaloq qalbida hayotga, odamlarga nafrat uyg‘onadi. Buvisi uni himoya qilmagani xotirasida muhrlanib qoladi.

Ichish, chekishga o‘rgangan, tarbiyasi haminqadar bo‘lgan Zera birinchi turmushidan bir nafar farzandi bilan ajrashib ketadi. Yana buvisining uyida yashay boshlaydi. U kunlarning birida o‘rtachirchiqlik Jasur Azamatov bilan tanishib, nikohsiz hayot kechira boshlaydi. Orada Jasurdan farzandli bo‘lishga ham ulguradi.

Zera buvisi Sultaniya bilan tez-tez janjallashib turar edi. Qotillik sodir etilgan kuni ichkilik ichib mast bo‘lib, buvisidan ota-onasi haqida so‘raydi. Sultaniya tomonidan otasini haqorat qilinishi uni g‘azabini qo‘zg‘aydi. Otasini bir bor bo‘lsa-da ko‘rish nasib qilmagan, bolaligi achchiq iztiroblarda o‘tgan qiz buvisidan qasd olishni maqsad qiladi.

Jasur bilan oldindan jinoiy til biriktirib, qurt-qumursqalarni zaharlash uchun mo‘ljallangan doridan choy damlab Sultaniya Gaziyevaga limon kislotali choy deb aldab ichiradi. Buvisi sog‘ligi yomonlashib, o‘zini himoya qila olmay qoladigan darajaga kelganidan so‘ng Zera yostiq bilan uning yuziga bosib turadi. Bu ham yetmagandek Jasurga arqon olib kelishni buyurib, ayolni bug‘ib o‘ldiradi. Jasadni esa hovliga ko‘mib tashlaydi. Oradan vaqt o‘tib Zera Gaziyeva buvisini o‘ldirganini aytib, IIB murojaat qiladi.

Hozirda Zera Gaziyeva va Jasur Azamatovlarga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.