4 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatga bugun tashrif bilan kelgan Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

TIVdagi uchrashuv chog‘ida tashqi siyosat idoralari rahbarlari umumiy kun tartibining asosiy masalalarini muhokama qildilar hamda xalqaro va mintaqaviy muammolar borasida fikr almashdilar.

Suhbatda e’tirof etilganidek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modining 9 iyun kuni Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi uchrashuvi yakunlari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarga yangi dinamika berish uchun ikki davlat yetakchilarida mustahkam siyosiy iroda mavjudligini yana bir bor isbotladi. Ikki tomonning ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turistik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada oshirish uchun mavjud bo‘lgan ulkan imkoniyatlarni amalga oshirish borasida birgalikda ishlashga tayyor ekanligi ta’kidlandi.

Vazirlar O‘zbekiston rahbarining kuzda Hindistonga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlikning amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoniga hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekiston va Hindiston hamkorligining istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.