Joriy yilning fevral oyida inkasator mashinasi va avtobus to‘qnashuvi natijasida avtobus haydovchisi halok bo‘lgandi. Mazkur ish yuzasidan tayyorlangan dastur Bosh prokuraturaning feysbukdagi sahifasi orqali e’lon qilindi.

2018 yilning 15 fevral kuni soat 07:03 da Oloy bozoridan Universam bozori tomon harakatlangan 72-avtobus haydovchisi Yunusobod tumani Amir Temur va Osiyo ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasi natijasida voqea joyida vafot etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Respublika inkassatsiya xizmati davlat unitar korxonasi inkassator-haydovchisi Ravshan Rasulov bu ishda aybdor deb topildi.

Yo‘l kameralari tomonidan qayd etilgan tasvirlarga e’tibor berilsa, maxsus inkassatsiya avtomashinalari Yo‘l patrul xizmati xodimlari hamrohligida kolonna bo‘lib Osiyo ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan paytda patrul avtomashinasi svetoforning qizil chirog‘iga kirib, chorrahaning Oloy bozori tomonidan harakatlanib kelayotgan avtomashinalarga yo‘l bera boshlaydi. Uning ortidan kelayotgan, Ravshan Rasulov boshqaruvidagi inkassatsiya yuk mashinasi qoidani qo‘pol ravishda buzib oldinga yuradi. Natijada avtobus bilan to‘qnashuv sodir bo‘ladi.

4 farzandning otasi bo‘lgan Mirfayoz Husanov shu yerning o‘zida vafot etdi. Jamoat transporti ichida bo‘lgan yana 8 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlarini oldi.

Mazkur holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqildi. Sud hay’atiga jalb qilingan X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining sud avtotexnika laboratoriyasi yetakchi ekperti Zafar Sayfutdinov voqea yuzasidan quyidagicha fikr bildirdi:

«Bu fojeaga sababchi bo‘lgan Ravshan Rasulov sudda o‘z qilmishiga iqror emasligini bildirgan. U avtobusning chorraha tomon harakatlanib kelayotganligini ko‘rmay qolgan emish. Shunday bo‘lishi mumkinmi? Odil sud bu jumboqqa o‘zgacha yechim topdi. Ushbu vajga har tomonlama oydinlik kiritish uchun voqea sodir bo‘lgan joyda sud tomonidan eksperement o‘tkazildi.

Inkassatsiya yuk mashinasida ham avtobus boshqaruvida ham amalga oshirilgan ekperimentda hammasi oydinlashdi. O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, inkassator mashinasi haydovchisiga avtobusning chorraha tomon harakatlanib kelayotgani bib-binoyidek ko‘rinib turibdi. Demak, chorrahadan o‘tishda Ravshan Rasulovning e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yganligi o‘z isbotini topdi".

Sud Rasulovga nisbatan quyidagicha hukm chiqardi. U 2,6 yil davomida qamoqda o‘tiradigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning olti oyi mobaynida respublikamizda 3774 ta YTH sodir etilgan. Uning natijasida 943 nafar inson halok bo‘lgan va 3583 nafari esa turli darajadagi tan jarohati olgan.