3 avgust kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisida Xaitov Aktam Axmatovich partiya Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi etib saylandi. Bu haqda O‘zLiDeP matbuot xizmati xabar qildi.

Aktam Xaitov shu vaqtga qadar O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi vazifasida ishlab kelayotgan edi.

2013 yil dekabrdan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Sodiqjon Turdiyev esa 2017 yil avgustida Andijon viloyati Jalaquduq tuman hokimi lavozimiga tayinlangan.

Yig‘ilishda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi tarkibiga ham o‘zgartirishlar kiritildi, deyiladi xabarda.