27 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi mas’uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan video-selektor yig‘ilishida Qibray tumani hokimi, uning o‘rinbosarlari, tuman prokurori, tuman IIB rahbari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va «Mahalla» jamg‘armasi tuman bo‘limi rahbarini lavozimdan ozod etishga ko‘rsatma bergandi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent viloyati Qibray tumaniga 2009 yildan buyon hokimlik qilib kelgan Nig‘mat Isroilovich Muhamedov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Qibray tumaniga Olmaliq shahriga hokimlik qilib kelayotgan Mirqosimov Mira’zam Mirozodovich 2018 yil 31 iyuldan Xalq deputatlari Qibray tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi etib tayinlangan.

Miragzam Mirozodovich Mirqosimov 1975 yilda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy.

U 1997 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini (kunduzgi), 2008 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan.

Mira’zam Mirqosimov 2017 yilning martida Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimligidan olingan va shu yilning avgust oyidan Olmaliq shahriga hokim etib tayinlangan edi.

Shuningdek, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisning iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Karimov O‘ktamjon Dexqonovich 2018 yil 31 iyuldan Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Olmaliq shahar hokimi lavozimiga tayinlandi.

Karimov O‘ktamjon Dexqonovich 1972 yilda Farg‘ona viloyatida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy. U 1995 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (kunduzgi) bitirgan.