1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda kuchga kiradigan tartibga ko‘ra, davlat organi qaroriga ishonib, keyinchalik uning haqiqiy emas deb topilishi yoki bekor qilinishidan zarar ko‘rgan investor davlatdan tovon puli oladi. Bu haqda prezidentning 1 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida so‘z boradi.

«Insofli faoliyat yuritgan investor va tadbirkorlik sub’ektiga davlat organi (mansabdor shaxs) tomonidan ularga nisbatan qabul qilingan ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonishi sababli kelib chiqqan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi, agarda ushbu hujjatning qonuniy kuchiga ishonib mol-mulkdan foydalangan, bitim tuzgan yoki taqdim etilgan afzallik va ustunliklardan boshqacha tarzda foydalangan hamda mazkur hujjat keyinchalik haqiqiy emas deb topilgan yoki bekor qilingan bo‘lsa», — deyiladi hujjatda.

Davlat organi (mansabdor shaxs)ning ma’muriy hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi, agar u insofli investor va tadbirkorlik sub’ektining qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lsa, sud tartibida ko‘rib chiqiladi, uning saqlab qolinishi jamoat manfaatlariga tahdid solayotgan hollar bundan mustasno.

«Bu davlat vakolatli davlat organlari qabul qilayotgan ma’muriy hujjatlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini anglatadi, — deya izoh berdi Adliya vazirligi bosh maslahatchisi Javohir Kolizoda „O‘zbekiston 24“ telekanalining „Axborot 24“ dasturiga. — Masalan, tuman hokimi investorga yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi, investor esa unga ishonib qurilishni boshladi. Biroq bir qancha vaqtdan keyin ma’lum bo‘ldiki, hokimning mazkur qarori g‘ayriqonuniy hisoblanadi va yuqorida turuvchi hokim uni bekor qildi. Bu holatda investor faqat zararda qoladi».

Endilikda, Adliya vazirligi eksperti so‘zlariga ko‘ra, bu kabi holatlarda investor yoki tadbirkorlik sub’ektiga yetkazilgan zarar qoplab beriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

«Axborot 24» dasturida qayd etilishicha, bunday choralar mahalliy darajadagi rahbarlarning qaror qabul qilishdagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.