1 sentyabrdan boshlab davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yiladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 1 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi.

Farmonga ko‘ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yiladi:

  • mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;
  • xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
  • avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya ob’ektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti ob’ektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi ob’ektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat ob’ektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • aholi punktlari bosh rejalarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ob’ektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Farmon mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investorlarning bu boradagi davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va investorlar bilan ishlashda davlat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish maqsadida qabul qilindi.