O‘zbekiston Markaziy banki birinchi yarim yillikda so‘m kursini yo‘llab-quvvatlash uchun 900 mln dollar miqdoridagi valyuta intervensiyasini amalga oshirdi. Bu haqda MB 1 avgustda e’lon qilgan pul-kredit siyosati obzorida (PDF) so‘z boradi.

«Agarda birinchi chorakda Markaziy bank valyuta intervensiyasi hajmi 600 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, ikkinchi chorakda intervensiya hajmi 300 mln dollardan iborat bo‘ldi», — deyiladi obzorda.

MB mutaxassislari valyuta intervensiyasidan foydalanishni mavsumiy omillar, jumladan ikkinchi va uchinchi chorakda jismoniy shaxslar tomonidan yuboriladigan pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli darajada ortishi bilan bog‘lamoqda.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi yarim yillikda pul o‘tkazmalari hajmi 2017 yilning shu davri bilan solishtirilganda 14 foizga o‘sib, 2,3 mlrd dollarga yetgan.

Yil boshidan buyon banklar majburiy zaxiralari tuzilmasida xorijiy valyuta ulushi valyuta va depozitlar muddatidan kelib chiqib zaxira qilib qo‘yish me’yorlarining differensiyalashuvi hisobiga 96 foizdan 46 foizga pasaygan.