Joriy yilning 26 iyul kuni Davlat soliq qo‘mitasida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Oliy sud va Markaziy bank bilan hamkorlikda sud ijro hujjatlari asosida soliq qarzini qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda respublikamizning barcha hududlaridagi soliq boshqarmalari va majburiy ijro byurosining hududiy bo‘limlari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, hamkorlikdagi tadbirlar natijasida 1121 nafar xodim tomonidan qarzdorlarning mol-mulklari xatlovga olish uchun jalb etilib, joriy yilning I yarim yilligida 1,4 trillion so‘m soliq qarziga ega 54 657 ta ob’ektdan 31 751 tasida 892,4 milliard so‘mlik mablag‘ xatlov jarayonida undirildi hamda bu orqali o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 395,3 milliard so‘mga ko‘p mablag‘ undirishga erishildi.

Shu bilan birga, 5922 ta qarzdorlarning 337,7 milliard so‘m qiymatidagi mol-mulklari, shu jumladan, 1019 ta bino va inshoot, 1280 ta transport vositalari va 9701 ta boshqa turdagi mulklar xatlandi. Ushbu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3578 taga yoki 117,3 milliard so‘mga ko‘payishiga erishildi.

Videoselektor yig‘ilishida amalga oshirilayotgan ishlarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqidiy tarzda muhokama etilib, Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasining soliq qarzini undirishni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod qilingan bo‘lsa, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasining mas’ul rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq qarzini keskin qisqartirish maqsadida joriy yilning II yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda 1,1 trillion so‘m miqdoridagi soliq qarzlarini sud hujjatlari asosida undirish bo‘yicha tegishli ishlar bajarilishi belgilandi.