2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi «Shobboz» haftalik dehqon bozorida o‘g‘rilikda gumonlangan shaxsning arqon bilan qo‘llaridan bozor kirish darvozasi ustuniga osib qo‘yilgani tasvirlangan videorolik tarqaldi.

Qoraqalpog‘iston IIV ma’lumotlariga ko‘ra, holat shu yilning 1 avgust kuni soat 6.00 atrofida fuqaro U.A. tomonidan sodir etilgan.

Fuqaro U.A. bozor hududida savdo qiluvchi odamlar tomonidan o‘g‘irlik sodir etganlikda shubhalanib ushlab turilgan fuqaro D.N.ni qo‘llarini arqon bilan bog‘lab, bozorning kirish darvozasi ustuniga osib, fuqaro D.N.ning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini kamsituvchi harakatlar sodir etgan, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro U.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqaro D.N.ning o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan yoki etmaganligi yuzasidan tergovda aniqlik kiritiladi va bu haqda tergov yakuniga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi.