O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini «O‘zagroeksport» e’lon qilgan narxlardan past bo‘lmagan narxlarda eksport qilish talabi bekor qilindi. Bu prezidentning 1 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Bir vaqtning o‘zida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport kontraktini tuzmasdan, «O‘zagroeksport» AJ rasmiy veb-saytida qayd etilgan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha invoys asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi ham bekor qilindi.

Ko‘rsatib o‘tilgan tartiblar o‘tgan yilning dekabridagi hukumat qarori bilan joriy etilgan edi. Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur tartiblarni bekor qilish taklifini ilgari surdi. Avval tadbirkorlar o‘rnatilgan narxlardan past bahoga mahsulotlarni sotish imkoniyati yo‘qligidan bir necha marotaba shikoyat qilgan edi.

2016 yil aprelida tashkil etilgan «O‘zagroeksport» ixtisoslashgan tashqi savdo kompaniyasi yangi meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish monopoliyasini qo‘lga kiritgan edi. O‘tgan yilning iyulidan prezident qarori bilan u mazkur huquqdan mahrum etildi.