O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 avgust kuni mamlakatga tashrif buyurgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlab, O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yuksak sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

2017 yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan buyon tomonlar birgalikda ulkan ishlarni amalga oshirdi va dastlabki aniq natijalarga erishildi. Bu davrda bank tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun umumiy qiymati 190 million dollardan ortiq kredit liniyalari ajratildi.

Bugungi kunda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va uy-joy qurilishi, energetika tarmog‘i va kommunal xo‘jalik ob’ektlarini modernizatsiya qilish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqilmoqda. Shundan umumiy qiymati 600 million dollargacha bo‘lgan loyihalarni yaqin oylarda ma’qullash rejalashtirilgan.

Joriy yil sentyabr oyida qabul qilinishi rejalashtirilgan YeTTBning O‘zbekiston bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish yakuniga yetmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yil noyabr oyida Toshkent shahrida bank vakolatxonasi o‘z faoliyatini qayta tikladi, O‘zbekiston hududlarida uning filiallarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

YeTTB ekspertlari mamlakatda xorijiy moliyaviy institutlar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini tayyorlash va hayotga tatbiq etish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi tartibni ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.

Shuningdek, O‘zbekistonda energetika sektorini isloh qilish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ustida birgalikda ish olib borilmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, uni asosiy tarmoqlardagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning strategiyalarini ishlab chiqish, korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, hududlarni kompleks rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan yangi dastur va loyihalar bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.

Moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, YeTTB rahbari bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov hamda ususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipov bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvda Moliya vazirligi, Markaziy bank, Raqobat qo‘mitasi va YeTTB o‘rtasida O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish va milliy valyutada moliyalashtirish to‘g‘risidagi o‘zaro anglashinuv memorandumi imzolandi. Memorandumning asosiy maqsadi — O‘zbekistonda bank va moliya sektorini mustahkamlash, kapital bozorini rivojlantirish, moliyaviy vositachilikni yaxshilash, shuningdek uzoq tumanlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va boshqalardan iborat.