Bu yil ilk marta 1 avgustdan 15 avgustga qadar o‘tkaziladigan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonini birinchi bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda kuzatish mumkin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi imtihonlar o‘tayotgan auditoriyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyani tashkil qildi, deya xabar beradi UzDigital TV kompaniyasi matbuot xizmati.

Test imtihonlari topshirish jarayonini televizorni Viasat Explorer (DTM) telekanaliga o‘tkazish (UzDigital TV abonentlari uchun) orqali va internet orqali ham kuzatish mumkin.

Telekanalni sozlash

Sozlash menyusidan «ruchnoy poisk» punkti tanlanadi va o‘z hududingizni aniqlagan holda kanalni o‘rnatasiz.

Internet-translyatsiya

Test sinovlarini onlayn kuzatish uchun www.test2018.uz saytini ochish kerak bo‘ladi. Saytda O‘zbekiston hududlari aks etgan xarita mavjud. Har bir viloyatda imtihonlar o‘tkazilayotgan joylar belgilangan. Har bir binoga bittadan kamera o‘rnatilgan.

Toshkentda test sinovlari «Yoshlik» sport majmuasida (1-bino va 1 kamera), «Alpomish» ko‘rgazma markazi (1), «O‘zbekiston» sport majmuasi (1), Toshkent moliya instituti sport majmuasi (1), Respublika olimpiya zaxiralari kolleji (2-bino), shuningdek, «O‘zekspotsentr» Milliy ko‘rgazma majmuasi (5-bino)da o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlash o‘rinli, bu yil birinchi marta test imtihonlari o‘tkazilayotgan vaqtda uyali aloqa operatorlari internet va SMS xizmatlarini o‘chirmaydi.