«Toshshahartransxizmat» AJ apparati, avtobus saroylari rahbarlari, rahbar o‘rinbosarlari, bosh muhandislari, avtosaf boshliqlaridan iborat maxsus guruhlar tuzildi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» xabar berdi.

Bundan ko‘zlangan maqsad poytaxt jamoat transporti yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish qoidalari hamda yo‘nalish intizomiga rioya qilishini ta’minlash, yo‘lovchilarning haqli e’tiroz va shikoyatlarini yuzaga kelishini oldini olish, xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirish, yo‘lovchi tashishlarni tashkil etishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida yo‘nalish-transport intizomiga rioya etilishining kundalik nazoratini olib borishdir.

Maxsus guruhlar a’zolariga joriy yilning 1 avgustidan boshlab har kuni yo‘nalishlarning bir nechta bekatlari oralig‘ida shahar yo‘lovchi tashish transportidan foydalanish hamda bevosita yo‘lovchilar bilan jonli muloqot o‘tkazish mobaynida alohida e’tibor berilishi kerak bo‘lgan holatlar belgilab berildi.

Shuningdek, 2018 yilning 1 avgustidan boshlab «Toshshahartransxizmat» AJ markaziy apparati hamda tarmoq korxonalari mas’ul xodimlari tomonidan kamida har haftaning payshanba kuni soat 07−30 dan 08−30 gacha shahar jamoat transporti ishini tartibga solish bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘tkazish tartibi belgilandi.