Iyul oyida tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,3 foizga arzonlashdi. Bir oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 2,3 foizga arzonlashgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari narxi 1,7 foizga, xizmatlar — 0,5 foizga qimmatlashdi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi xabar qildi. Yanvar-iyul oylarida inflyatsiya darajasi 5,9 foizni tashkil etdi.

Iste’mol bozorida ketma-ket ikkinchi oy deflyatsiyaning kuzatilishi oziq-oqat mahsulotlari narxining arzonlashuvi bilan bog‘lanmoqda, ayni paytda nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxi inflyatsion omil sifatida yuzaga chiqmoqda.

Yanvar-iyul oylarida iste’mol narxlari indeksi dinamikasi


Joriy yilning yanvar oyida iste’mol sektoridagi narxlar birmuncha sezilarli darajada oshgan (2,7%). Iyun va iyul oylaridagi meva va sabzavot mahsulotlari narxlarining mavsumiy omillar natijasida arzonlashishi, umumiy iste’mol narxlari darajasining pasayishiga zamin yaratdi (narxlar darajasi mos ravishda 0,4% va 0,3%ga arzonlashgan).

Asosiy guruhlar bo‘yicha narxlarning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar narxining qimmatlashishi joriy yilning iyul oyidagi umumiy iste’mol narxlari indeksi (keyingi o‘rinlarda INI)ga 0,7 foiz darajasida (f.d.) ta’sir etib, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi esa INIning 1,0 f.d.da kamayishiga olib keldi.

Yuqorida qayd etilganidek, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 2,3%ga arzonlashganligi, umumiy INIning 1,0 f.d.da pasayishiga sabab bo‘ldi.

Bozorlarning yangi hosillar bilan to‘yinishi natijasida meva va sabzavot mahsulotlari narxlari birmuncha arzonlashdi. Bu esa oziq-ovqat mahsulotlari guruhi narxlari dinamikasiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Meva-sabzavot mahsulotlari, tuxum, shakar hamda sut mahsulotlarining arzonlashishi umumiy yig‘ma INIning 1,2 f.d.da pasayishiga olib keldi. Go‘sht, non mahsulotlari, alkagolsiz va spirtli ichimliklar, shuningdek, boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi esa INIning 0,2 f.d.da o‘sishiga olib keldi. Oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy guruhi tarkibiga kiruvchi tovarlar narxlari orasida qimmatlashish borasidagi yetakchilik yorma va dukkaklilarga (o‘sish 1,9%), pasayish bo‘yicha esa kartoshka, sabzavot hamda meva mahsulotlari xissasiga to‘g‘ri keladi (pasayish mos ravishda 27,5%, 14,3% va 13,0%).

Boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha narxlari darajasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi.

Joriy yilning 27 iyul holatiga iste’mol bozorida olib borilayotgan narxlar monitoringi natijasida quyidagi ma’lumotlar shakllandi:


Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining 1,7%ga qimmatlashishi umumiy INIning 0,6 f.d.da oshishiga olib keldi. Avtomobillar uchun yoqilg‘i hamda maishiy yoqilg‘i (ko‘mir)dan tashqari, ushbu guruhning asosiy turdagi mahsulotlari narxlari orasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi. Ko‘mir narxining qimmatlashishi yig‘ma INI oshishiga 0,5 f.d.da yoki umumiy nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishidagi hissasi 83,3%ni tashkil etgan.

Ta’sir darajasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali sotiluvchi yoqilg‘i, ya’ni, propan mahsuloti egallagan. Oy davomida uning narxi o‘rtacha 19,3%ga ko‘tarilgan. Narxlar qimmatlashishining asosiy sabablaridan biri, mazkur mahsulotga nisbatan shakllanayotgan birja narxlari hamda yoqilg‘i-moylash materiallari bozorida yuzaga kelayotgan holatlar propan narxining sezilarli darajada qimmatlashishiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, propan narxi yuqori sur’atda Qashqadaryo viloyatida (o‘rtacha 1,4 barobarga), past darajada esa Sirdaryo viloyatida (8,1%) qimmatlashgan. Joriy yilning uchinchi choragi davomida inflyatsiya darajasini jilovlash bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, respublikada ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirish va korxonalarni modernizatsiya qilish hisobiga ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulotlar tannarxini pasaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida g‘isht mahsulotlarining chakana narxi o‘rtacha 5,0%ga arzonlashdi. Sement narxlari esa aksincha, iyul oyida ham avvalgi oylardagi kabi o‘sishda davom etmoqda (oy davomida o‘rtacha 2,2%).


Iyul oyi davomida aholi uchun xizmatlar tariflari narxlarida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi va bor-yo‘g‘i 0,5%lik o‘sish holati qayd etildi. Bu esa o‘z navbatida umumiy INIga 0,1 f.d.da ta’sir etdi.

EKIH miqdorining oshishi bevosita ushbu miqdor o‘lchovi bilan tariflanuvchi xizmatlar narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi (huquqiy tusdagi xizmatlar, veterinariya, shuningdek, alohida turdagi bank xizmatlari).

Farg‘ona viloyati bo‘yicha taksi hamda yo‘nalishli taksilardagi yo‘l haqining qimmatlashishi natijasida yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari o‘rtacha 0,5%ga ko‘tarildi (mos ravishda narxlar 3,5% va 25%ga oshgan). Shu bilan bir qatorda, milliy valyutamiz kursining mustahkamlanishi natijasida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK aviatashuv chiptalari (1,4%) va «O‘zbekiston temir yo‘llari» DATKning uzoq masofaga qatnovchi yo‘nalishlardagi chiptalar narxi (0,7%) birmuncha arzonlashdi.