O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov OTMlarga kirish imtihonlarining birinchi kuni «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar qildi.

1 avgust kuni bu yerda Toshkent davlat yuridik universitetiga kirish imtihonlari o‘tkazildi.

Bosh vazir Abdulla Aripov mazkur hududga tashrif buyurib, abituriyentlar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Test sinovlarini shaffof va adolatli o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ota-onalarning fikr-mulohazalarini tingladi.

Imtihon jarayonining adolatli o‘tishiga shubha bildirgan ota-onalarning ayrimlarini bosh vazir bilimlarni tekshirishdagi shaffoflikni shaxsan ko‘rishga taklif qildi. Shundan so‘ng «xalq kuzatuvchilari» yig‘ilganlarga imtihonlar barcha belgilangan qoidalar bo‘yicha o‘tayotganiga guvoh bo‘lganini so‘zlab berdi.