Davlat test markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Abdullayevning ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘istondagi 6ta oliy o‘quv yurtiga 39 ming nafardan ortiq abituriyent hujjat topshirgan. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Test sinovlari joriy yil 1 — 11 avgust kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi. Abituriyentlar Nukus shahridagi ikki joyda — Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi hamda Nukus olimpiya zaxiralari kollejida test topshiradi.

Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabida 4 ta binodagi 28ta guruhda 840 o‘rin mavjud bo‘lsa, Nukus olimpiya zaxiralari kollejidagi ikkita binodagi 28ta guruhda ham 840 o‘rin mavjud. Demak, bir kunda ikki smenada 3 ming 360 nafar abituriyent test imtihonini topshira oladi.

Test jarayonini 1−2 avgust kunlari Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali boshlab beradi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialiga hujjat topshirgan abituriyentlar 2 avgust kuni test topshiradi.

Eng ko‘p hujjat qabul qilgan Qoraqalpoq davlat universitetiga talabgorlar 2−8 avgust oralig‘ida bilimlarini sinaydi va 9−11 avgust kunlari Nukus davlat pedagogika instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialiga hujjat topshirgan abituriyentlar sinovdan o‘tadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan test sinovlari o‘tkaziladigan binolarning talab darajasidagi tayyorgarligi hamda o‘tkazish vaqtida yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida yong‘inga qarshi holati tekshirib chiqilgan.

Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi hududida shartli ravishda 408 kvadrat metr maydonda yong‘in hosil qilinib, yong‘inni bartaraf qilish bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy taktik mashq o‘tkazildi.

Hozirda mazkur binolar test o‘tkazish uchun to‘liq tayyor holga keltirilgan.