Abdujabbor Abdusattorovich Abduvohidov O‘zbekiston prezidentining fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi tayinlandi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Abdujabbor Abduvohidov tayinlovga qadar fevraldan beri tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. 2002−2011 yillarda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori, 2011−2012 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori so‘ngra prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi rektori bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.

U davlat maslahatchisi lavozimida 2017 yil noyabridan buyon ishlab kelayotgan Rustam Sobirovich Qosimov o‘rniga tayinlandi.

Rustam Qosimov Rustam Komilov o‘rniga prezidentning diniy ishlar bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘ldi. Rustam Komilovning qaysi lavozimni egallagani hozircha ma’lum qilingani yo‘q.

Rustam Qosimov (chapda). Foto: fb.com/navruza.yaxyayeva

Bundan tashqari, Rustam Qosimov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi rektori lavozimini saqlab qoldi. Avval u ikki marotaba bosh vazir o‘rinbosari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri (2005−2008 va 2016−2017) bo‘lgan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini boshqargan (2009−2011 yillarda).