2018 yil 31 myul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Mazkur hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 iyunda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 28 iyunda ma’qullangan.

Qonunga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organlardir, deyiladi Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalidagi ma’lumotda.

Qonunda ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida rasmiy ogohlantirish chiqarish yoki taqdimnoma kiritish ekstremistik materiallarni taqiqlash, tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish va boshqa tadbirlar ekstremizmining oldini olishga doir choralar sifatida nazarda tutilgan.

Shaxslar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgar bo‘ladi.

Shaxs ekstremistik faoliyatda ishtirok etishni o‘z ixtiyori bilan rad etgan, ekstremistlarning maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga faol ko‘maklashgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod etiladi.

Shu bilan birga, tashkilotlar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun tugatiladi, ularning faoliyati esa taqiqlanadi.