Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan navbatdagi «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi. Taqdim etilgan loyihalarning 35 foizi shu yerdayoq ma’qullandi, qolgan investorlarga muqobil uchastka va ob’ektlar taklif qilinadigan bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Kiritilayotgan investitsiyalar turar joylar, ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektlari, savdo-ko‘ngilochar majmualar qurishga yo‘naltiriladi. Umumiy qiymati 591 million dollar (bundan 173 millioni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar) 62 loyiha taqdim etildi.

Muvaffaqiyatli loyihalardan biri — SF Global kompaniyasining Sky city («Samoviy shahar») binolari majmuidir. Loyihaga kiritiladigan sarmoyalarning umumiy miqdori 500 million dollarni tashkil etadi. Investorlar bu mablag‘larning yarmini obodonlashtirish ishlariga yo‘naltirishga tayyor. Keng yer maydonida balandligi 30−40 qavatlik zamonaviy binolar majmuasini qurish rejalashtirilmoqda. Ulardan biri mehmonxona, 5 tasi — ofislar uchun bino va 6 tasi turar joy binolari bo‘ladi. Tadbir yakunlari bo‘yicha qurilish ishlari 5 oydan keyin — uchastka to‘liq tasdiqlanganidan keyin boshlanishiga qaror qilindi.