Axborot tizimlari tomonidan shakllantiriladigan, bitimlardagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar kvitansiyalar, talonlar, chiptalarga hamda tovarlar va xizmatlarga haq to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarga tenglashtirildi. Vazirlar Mahkamasining 26 iyuldagi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida ma’lum qilinishicha, endilikda elektron tijorat orqali sotilgan tovarlarni sotuvchiga va yetkazib beruvchiga avtomobil transportida O‘zbekiston hududi bo‘ylab yetkazib berish uchun litsenziya olish talab etilmaydi.

Elektron tijorat orqali amalga oshiriladigan uch ming AQSH dollarigacha bo‘lgan tovarlar yuk bojxona delaratsiyasini rasmiylashtirmasdan, pochta xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga muvofiq realizatsiya qilinishi mumkin.

Mazkur o‘zgartirishlar qonunchilikka Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida kiritildi.