Marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning farzandi Ismoil Muhammad Yusuf O‘zbekiston musulmonlari idorasida maslahatchi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda idora rasmiy sayti xabar berdi.

Ismoil Muhammad Yusuf 1976 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1994 yil “Islomiy da’vat kulliyasi"ga o‘qishga kirdi. To‘rt yil bakalavr bosqichida, so‘ng ikki yil magistraturada o‘qib, 2001 yili ushbu kulliyani tamomladi. Shundan so‘ng, elchixonalarda, diniy ta’lim muassasalarida, nashr ishlarida, sayt xizmatlarida va ta’lim markazlarida faoliyat olib bordi.

Hozirda Ismoil Muhammad Yusuf “Hilol nashr” matbaa nashriyoti rahbari hisoblanadi. 2011 yilda faoliyat boshlagan ushbu nashriyot shayx hazratlarining kitoblarini va yana boshqa bir qator ilmiy-ma'rifiy asarlarni chop etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 9 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Chilonzor tumaniga tashriflari chog‘ida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomida masjid barpo etish bo‘yicha muhim topshiriqlar berib, ulug‘ allomaning xotirasiga yuksak hurmat ko‘rsatish haqidagi iliq so‘zlarni aytgan edi.