Prezidentning 27.07.2018 yildagi Farmoni bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va biznesga yetkazilgan zararlarni qoplashning yangi mexanizmi ma’qullandi. O‘zAda shu haqda xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, hozir Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga (Vazirlar Mahkamasining 29.05.2006 yildagi 97-son qaroriga ilova) ko‘ra kompensatsiya berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ajratib berilgan taqdirda — ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar mablag‘lari hisobiga;

boshqa hollarda — chorak yakuni bo‘yicha prognozdan ortiqcha tushgan mahalliy byudjetlarning daromad qismi mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlarining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari va (yoki) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli hisob raqamlariga davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishdan tushadigan taqsimlanadigan mablag‘larning bir qismi hisobiga.

Shu tariqa, yagona markazlashtirilgan qoplash manbai mavjud emas. Bu joylarda huquqbuzarliklar sodir etilishiga olib kelmoqda. Chunonchi, Adliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2016−2018 yillar mobaynida 37 nafar mulkdorga 3 mlrd 252 mln so‘m miqdoridagi kompensatsiya to‘lanmagan, 215 nafar mulkdorga esa 15 mlrd 67 mln so‘m kompensatsiya to‘liq to‘lanmagan. Bundan tashqari, 100 ta holatda buzilayotgan turar joylar baholanmay turib to‘lovlar to‘langan, 391 ta holatda esa uy-joy buzilgandan keyin baholash o‘tkazilgan.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida 2 oy muddatda Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘arma tashkil qilinadi. U mahalliy byudjetlarning daromad qismi va boshqa manbalar hisobiga to‘ldiriladi (olib qo‘yilayotgan yer uchastkalarini oluvchilarning mablag‘lari ham unga kiritilsa kerak). Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Jamg‘arma bilan kelishuvga erishmay yer uchastkalarini olib qo‘yish taqiqlanadi. Maqola muallifining fikricha, bu kompensatsiya to‘liq to‘lanmaguncha ko‘chmas mulkni buzish, shuningdek mol-mulkni baholash natijalarini pasaytirib ko‘rsatish holatlarini istisno etish yo‘lidagi muhim qadamdir.