Ayni paytda Xalqaro press-klub sessiyasida qatnashayotgan “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov xorijdan keltiriladigan butlovchi qismlar narxi arzonlashishini ma’lum qildi.

“Xorijda bizga butlovchi qismlarni yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan narxni 20 foizgacha tushirishga kelishib oldik. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birdaniga qilib bo‘lmaydi. Sababi ularning hammasi kreditda o‘tirgan tashkilotlar “, — dedi Shavkat Umurzoqov.

“Yil oxirigacha tarixda bo‘lmagan ko‘rinishda butlovchi qismlar 20 foizga arzonlashadi. Bu esa mashina ishlab chiqarishning 9 foiz arzonlashishiga olib keladi. Bundan tashqari mashina ishlab chiqarishni 220 mingtaga yetkazib, yil oxiriga qadar qo‘shimcha 140 mingta mashina ishlab chiqarmoqchimiz. Bunaqasi birinchi marta amalga oshirilyapti”, — dedi boshqaruvi raisi.

Mashinalarning tannarxini tushirish haqida gapirar ekan, Shavkat Umurzoqov jumladan shunday dedi: “Butlovchi qismlar yetkazib beruvchi kompaniyalar direktorlari bilan kelishib oldik. Ular bizga mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib beradi.Biz esa mashinani tayyorlab xalqqa yetkazib beramiz. Buning natijasida sun’iy difitsitning oldi olinadi. Shunda „shapka“ singari holatlarga barham beriladi. Va shu orqali mashinalar tannarxini ham tushira olamiz”.