Toshkent IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan 29 yoshli Jamshid T., 20 yoshli Mirkomil T. va 21 yoshli Azimxoji T.ning noqonuniy faoliyatiga oid tergov-surishtiruv ishlari yakuniga yetkazildi. Guruhning to‘rtinchi a’zosiga nisbatan ayni vaqtda qidiruv e’lon qilingan, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.

Tergov jarayonida ushbu shaxslarning firibgarlikdan tashqari uyushgan guruh tuzib zo‘ravonlik hamda transport vositalarini olib qochish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi.

Mirkomil T. hamda uning sheriklari oziq-ovqat va maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni bir necha oy davomida aldab kelgan. Xususan, ular tadbirkorlardan katta miqdordagi turli tovar va mahsulotlarni sotib berish uchun olgan. Ishonarli bo‘lishi uchun hatto ijaraga ofis ham ochilgan. O‘zlashtirilgan mahsulotlarni o‘z bahosidan arzon narxda sotib, pullarning bir qismi tovar egasiga dastlabki daromad sifatida qaytarilgan. Shu yo‘l bilan yangi mahsulotlarni olish uchun endi boshqa tadbirkor oldiga borilgan. Bu usul bilan jinoiy guruh a’zolari 13 nafar tadbirkorni chuv tushirgan. Jabr ko‘rganlardan hech biri ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan. Sababi, firibgarlar vaqti-vaqti bilan ularga pullarining bir qismini berib kelgan. Natijada tadbirkorlar shubhaga bormay, pullarining qaytarilishini kutib yuravergan.

Jinoiy guruh a’zolari keyinchalik yolg‘on va ishonchni suiistemol qilish yo‘lidan og‘irroq jinoyatga ham qo‘l ura boshlagan. Jumladan, jabrlanganlardan biri Muhammadsodiq A.ni ish yuzasidan uchrashuvga chaqirib, uni zo‘ravonlik bilan o‘z avtomobilining orqa o‘rindig‘iga o‘tqazadi. Jinoyatchilardan biri mashina boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi va noma’lum tarafga yo‘l oladi. Yo‘lda jinoiy guruh a’zolari tadbirkor hayotiga tahdid qilib, undan katta summadagi mahsulotlarni talab qilishadi. Mashina svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtaydi. Muhammadsodiq esa bu fursatdan unumli foydalanib, chaqqonlik bilan avtomobildan tushib qoladi va jinoyatchilardan qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi.

Muhammadsodiq bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Transport vositasining olib qochilganligi va sodir etilgan zo‘ravonlik yuzasidan jinoyat ish qo‘zg‘atiladi. Tergov-surishtiruv jarayonida Mirkomil va uning sheriklari tomonidan sodir etilgan firibgarlik jinoyatlari fosh etildi. Jinoiy guruh tomonidan 13 nafar tadbirkorga keltirilgan zarar miqdori 400 million so‘mni tashkil etgani aniqlandi.