Farg‘ona viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi Farg‘ona shahar futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori Tohir Mo‘minov pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. O‘g‘li va jiyanini mazkur futbol maktabiga o‘qishga kiritish istagida yurgan E.Parmonovadan sobiq direktor 600 AQSH dollari olib kelishini so‘radi. Bu haqda «Farg‘ona haqiqati» gazetasi saytida xabar berildi.

Holat yuzasidan E.Parmonova Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi boshlig‘iga ariza bilan murojaat etib, qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi. Davlat xavfsizlik xizmati va Departament hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-nazorat tadbiri tufayli jinoyatning oldi olindi. T.Mo‘minov E.Parmonovadan kelishilgan pulning 500 AQSH dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga tushdi.

T.Mo‘minovning qilmishi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinib, aybdor deb topildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi Tohir Mo‘minovga nisbatan 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining yetmish besh baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi.