Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo‘l harakatini tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorda ta’kidlanishicha, yo‘l belgilarini ishlab chiqish va o‘rnatish, o‘chib ketmaydigan chiziqlar tortishga tizimli yonlashilmagan.

Yo‘llarda 70 mingdan ortiq eskirgan yo‘l belgilari mavjud, shuningdek 136 mingta qo‘shimcha yangi ko‘rsatkichlarni o‘rnatish zarur.

Shu munosabat bilan qarorga muvofiq, 2018−2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi doirasida yo‘l infratuzilmasini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Endilikda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida avtomobil kommunikatsiya texnologiyalari, texnik vositalar va dasturiy mahsulotlar avtomobil yo‘llarini qurish, to‘g‘rilash va ulardan foydalanish jarayoniga keng joriy etiladi.

Shuningdek, 2019−2023 yillarda yo‘l belgilarini ishlab chiqarishni va ularni respublika avtomobil yo‘llariga o‘rnatishni, yo‘l ustiga chidamli chiziqlar tortishni tashkil etish dasturi tasdiqlandi.

2018−2019 o‘quv yilidan boshlab Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutida «Avtomobil yo‘llari estetikasi», «Yo‘l bo‘yi hududlarining landshaft dizayni», «Yo‘l ustiga chiziqlar tortish», «Yo‘l harakatini tashkil etish» yo‘nalishlari bo‘yicha texnik kadrlar malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi.