Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasining 2018 yil 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishi «STV» va «Sevimli» telakanallarida hayosizlikni targ‘ib qiluvchi materiallar tarqatilgani mavzusiga bag‘ishlandi.Bu haqda Matbuot va axborot agentligi xabar berdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi «Master media production and broadcast» mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida tashkil etilgan «Sevimli» va «STV» telekanallari monitoringida bir qator qonun talablari buzilganini ma’lum qildi.

Xususan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi «Sevimli» telekanali orqali 2018 yil 15 iyul kuni coat 21:10 daefirga uzatilgan «Hurliqo» («I feel pretty») badiiy filmining 45-daqiqasida behayo mazmundagi sahna mavjudligi aniqlangan.

«Bundan tashqari, ushbu telekanalda ma’naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga zid, yoshlarning odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yozishmalar, matnida hayosizlikni tashviqot qiluvchi jumlalar mavjud xorijiy qo‘shiqlar namoyish etilgani kuzatilgan», — deyiladi bayonotda.

Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi «STV» telekanali 2018 yil 21 iyul kuni coat 09:17 da hayosizlikni targ‘ib qiluvchi, ayniqsa yoshlar odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi «Sausage party» nomli xorij multfilmini efirga uzatgan. Jumladan, multfilm qahramonlarining hayosizlikni targ‘ib qiluvchi beo‘xshov qiliqlari, behayo suhbatlari, narkotik moddalarni qabul qilish, surbetlarcha qovushish sahnalari ochiq-oshkora namoyish etilgan.

Bundan tashqari, mazkur telekanal orqali 2018 yil 22 iyul kuni soat 22:45 da xorijning «Ya legenda» filmi efirga uzatilgan. Mazkur film syujetida virus tarqalgan hududda odamxo‘rlar va vahshiy hayvonlarning odamga hujum qilish, uni yeyishga urinish bilan bog‘liq vahshiylik, shavqatsizlik sahnalari mavjudligi aniqlangan. Syujetida tomoshabinlarni dahshatga soluvchi qo‘rqinchli tasvirlar mavjudligi bois, mazkur film «O‘zbekkino» Milliy agentligining ekspert komissiyasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi hududida namoyish etish, ko‘paytirish va tarqatish tavsiya etilmagan filmlar ro‘yxati"ga kiritilgan.

Telekanallar tomonidan nomlari qayd etilgan film va multfilmlarni efirga uzatish oqibatida O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunining 6-moddasi, «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunining 5-moddasi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunining 16-moddasi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunining 14- va 15-moddalari talablari buzilgan.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlaridan kelib chiqib, Idoralararo Komissiya qaroriga asosan «Master media production and broadcast» mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligidagi «STV» telekanaliни efirga uzatish nomuayyan muddatga to‘xtatildi.

«Sevimli» telekanali mas’ul xodimlariga keskin choralar qo‘llanilgani inobatga olinib, bunday holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan telekanal rahbariyati qattiq ogohlantirildi.