O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturasi abituriyentlarga pul evaziga OTMlarga kiritib qo‘yishga va’da bergan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

Reportajda keltirilishicha, Zaynitdin Isoxonov boshchiligidagi shaxslar boshqa OTMlar talabalarini topib, ularga soxta hujjatlar tayyorlagan va abituriyentlarning testlarini yechib berishga jalb qilgan.
Zaynitdin Isonovning hamtovoqlari Turg‘un Muhammadiyev va Bekzod Sheraliyev Toshkent moliya instituti talabalarini yollaydi. Ular abituriyentlar uchun imtihon topshirishi lozim edi. Jumladan, talaba G‘anisher Xoliqberdiyev har bir abituriyent uchun 500 dollardan so‘ragan.

«Isonov Zaynitdin bizdan, moliya institutining yetti nafar talabasidan, 3×4 fotosuratlar olib, pasport va 086 shaklli tibbiy ma’lumotnoma ko‘rinishidagi soxta hujjatlarni berdi. Ularga bizning rasmlar yopishtirilgan edi, shunday qilib, u Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga hujjat topshirishimizni tashkillashtirdi. Va biz shu OTMga hujjat topshirdik», — dedi G‘anisher Xoliqberdiyev.

Soxta hujjatlar bilan abituriyent o‘rniga Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga imtihon topshirishni rejalashtirgan boshqa bir talaba Shoxruh Imomov keyin roq ishtirok etishdan voz kechgan.

«Men bu kelishuvdan voz kechgan edim, lekin Bekzod aka meni yana ortga chaqirdi, — deydi Shoxruh Imomov. — Ko‘p marta qaytardim, qatnashishni xohlamadim, lekin meni yana tortishdi».

Reportajda qayd etilishicha, aynan Shoxruh Imomov vositachilarga yetti kishidan iborat soxta abituriyentlar xizmati haqini aytadi — 3700 dollar. Ular orasida moliya instituti talabalari — Azizjon Abdullayev, Behruz Rasulov, Timurbek Adashaliyev, Ruslan Akramov va Termiz davlat universiteti talabasi Asliddin Boypo‘latov bor edi.

Yana bir holat Chirchiqda aniqlandi. Toshkent viloyati DXX va Bosh prokuratura hududiy boshqarmasi Chirchiq davlat pedagogika instituti huzuridagi Toshkent viloyat o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazi katta o‘qituvchisi Dilnoza Toshmuhamedovni qo‘lga oldi. U turmush o‘rtog‘i bilan abituriyentdan ijodiy imtihondan yuqori ball bilan o‘tish uchun 3000 dollar so‘ragan.

«Menga Pskentdan bir qiz qo‘ng‘iroq qilib, raqamlarimni opasidan olgani, musiqa fakultetiga kirishni xohlashi va hujjat topshirganini aytib, yordam berishimni so‘radi, — dedi qo‘lga olingan o‘qituvchi. — Uchrashishga kelishdik, yordam beraman dedim va 3000 dollar so‘radim, lekin unda kamroq ekan — 2500».

Prokuratura organlari mazkur holatlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi, tergov harakatlari olib borilmoqda.