Ichki ishlar vazirligi saytida Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi boshlig‘i, polkovnik Rustam Isroilov jurnalist Bobomurod Toshev bilan suhbatda bildirgan fikrlari e’lon qilindi.

— O‘tgan davr mobaynida tegishli xizmatlar va boshqarmalar bilan hamkorlikda qidiruvda bo‘lgan jinoyatchilarni va transport vositalarini aniqlash hamda bir qator yuridik va jismoniy shaxslarni tegishli hisoblar orqali tekshirish ishlari amalga oshirildi.

Interpol MMBning asosiy vazifalaridan biri O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralarining xorijiy davlatlar huquq-tartibot idoralari bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha axborot almashinuvini tashkil qilish hisoblanadi.2018 yilning ikkinchi choragida Interpol MMBga kelib tushgan hujjatlar 7 foizga, jo‘natilgan hujjatlar esa 4,5 foizga oshdi. Ularning asosiy qismini O‘zbekiston Respublikasi IIV tizimidagi hududiy ichki ishlar idoralari, xorijiy davlatlar MMBlari hamda Interpol Bosh kotibiyati bilan axborot almashinuvi hujjatlari tashkil qiladi.

Yuqoridagi raqamlarni tahlil qilsak, hozirgi kunda Interpol MMBga asosan terrorizm va ekstremizm, shaxsga va mulkka qarshi jinoyatlar, noqonuniy migratsiya va fohishabozlik, iqtisodiy jinoyatlar va qalbaki pullarni tayyorlash, hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatchilik turlari bo‘yicha eng ko‘p so‘rovlar kelib tushganligini kuzatishimiz mumkin.

Ana shu so‘rovlar asosida xalqaro qidiruv e’lon qilinib, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyat sodir etib, chet ellarda yashirinib yurgan bir qancha yurtimiz fuqarolari qo‘lga olindi. Jumladan, 1982 yilda tug‘ilgan, iqtisodiy jinoyatlar sodir etgani uchun Interpol kanallari orqaliqidiruvda bo‘lgan Q.O. 2018 yilning 1 aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida qo‘lga olinib, mamlakatimizga ekstraditsiya qilindi.

1955 yilda tug‘ilgan M.M. esa odam savdosi bilan shug‘ullangani uchun O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qidirilayotgan edi. Uni ham 2018 yil 15 aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lindi. Yana bir hamyurtimiz N.R. odam savdosi jinoyati sodir etib, Xitoy Xalq Respublikasiga qochib ketgan edi. Unga nisbatan Interpol kanallari orqali qidiruv e’lon qilinib, 2018 yil 21 iyun kuni Pekin shahrida qo‘lga olinib, respublikamizga ekstraditsiya qilindi. Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etib, chet el davlatlarida qochib yurgan shaxslarni aniqlash borasida sohaviy xizmatlardan MMBga kelganso‘rovlar asosida hozirgi kunda Interpol kanallari bo‘yicha 131 nafar shaxsga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan.

Ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar yo‘nalishi bo‘yicha ham byuroga hududiy ichki ishlar organlaridan ko‘plab so‘rovlar kelib tushdi. Ular o‘z vaqtida o‘rganilib, o‘rnatilgan tartibda xorijiy mamlakatlarning Milliy markaziy byurolariga jo‘natilib, ijrosi MMB rahbariyati tomonidan nazoratga olingan. Bugunga qadar ushbu jinoyatlarni sodir etgani uchun Interpol kanallari bo‘yicha jami 1098 nafar shaxs qidirilmoqda. Ularning 175 nafari chet el davlatlarida ekanligi aniqlangan. Joriy yilning olti oyi mobaynida bu turdagi jinoyatlarni sodir qilgan 54 nafar shaxsga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilindi.

Bu boradagi xalqaro qidiruvning ayrim natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159, 244-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilib, Samarqand viloyati IIB tomonidan qidirilayotgan 1992 yilda tug‘ilgan A.Sh. Interpol kanallari orqali o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Turkiya Respublikasida yashirinib yurganligi aniqlandi.

1976 yilda tug‘ilgan T.A. ekstremistik, fundamentalistik tashkilotlar faoliyatida qatnashgani uchun huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qidirilayotgan edi. Byuro taqdim etgan materiallar asosida Interpol kanallari orqali o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida u Qirg‘iziston Respublikasida hibsga olindi.

Xodimlarimiz o‘z mamlakatida yoki boshqa davlatlarda jinoyat sodir etib, respublikamiz hududiga qochib kelgan jinoyatchilarni topishda xorijlik hamkasblariga ham ko‘maklashishmoqda. Bunga birgina misol keltiradigan bo‘lsam, Koreya Respublikasi fuqarosi J.Yu. o‘z yurtida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyat sodir etib, mamlakatimizda yashirinib yurganligi haqida ma’lumot oldik. Tezkor tadbirlar natijasida uning aynan qayerdaligi aniqlanib, Koreya Respublikasi politsiya xodimlariga topshirildi.

Avtotransport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar yo‘nalishi bo‘yicha kelgan so‘rovlar asosida 78 ta avtotransport vositasi hisoblar orqali tekshirildi. Aniqlangan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi IIV Axborot markazining markazlashtirilgan hisobiga va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining tegishli hisoblariga nazoratga olish uchun taqdim etildi.

Byuroning asosiy vazifalaridan yana biri Interpol Bosh kotibiyati tomonidan tashkil etiladigan o‘quv seminarlari va konferensiyalarda O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining ishtirokini ta’minlashdan iborat. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Fransiya, Ispaniya, Tailand Qirolligi, Germaniya, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda o‘tkaziladigan 11 dan ortiq bunday tadbirlarga Interpol Bosh kotibiyatidan taklifnomalar olindi. Bu borada IIV rahbariyatiga axborot berish uchun vazirlikning Xalqaro hamkorlik boshqarmasiga tegishli materiallar taqdim etildi.

Xorijiy mamlakatlar Interpol Milliy markaziy byurolari bilan hamkorlikni yanada yaxshilash ham doimo diqqat markazimizda. Joriy yilning 5−8 fevral kunlari Interpolning Turkiya Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi rahbari Lyutfi Chichek boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ular bilan transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi bir qancha dolzarb masalalarni muhokama qildik. Ushbu tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan qidirilayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida xodimlarimizning Turkiya Respublikasiga xizmat safarini tashkil etish borasida ham kelishib oldik.

2018 yilning 1−5 may kunlari esa Interpol MMB, IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi hamda Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasining Istanbul va Anqara shaharlariga xizmat safarida bo‘ldi. Xizmat safari davomida Turkiya Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari bilan muzokara va yig‘ilishlar o‘tkazdik.

Interpol Bosh kotibiyati tomonidan tashkil etiladigan o‘quv seminarlari va konferensiyalarni O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tkazish borasida ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2018 yilning 30 aprel — 4 may kunlari Toshkent shahrida «Odam savdosiga qarshi kurashish» mavzusiga bag‘ishlangan Markaziy Osiyo davlatlari huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirokidagi seminar-trening yuqori saviyada tashkil etildi.

Mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni Interpol MMBni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Markaziy byuro bo‘linmalarining faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, tezkorligini oshirish choralari ko‘rildi. Hududiy ichki ishlar idoralaridagi Interpol yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul xodimlarningfaoliyatidagi kamchiliklar tahlil qilib borilyapti. O‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida malakali, mas’ul xodimlarimiz har chorakda bir marotaba joylarda xizmat safarida bo‘lishi yo‘lga qo‘yildi.

Qidiruvdagi jinoyatchilarni, bedarak yo‘qolgan shaxslarni xalqaro miqyosda qidirib topish bo‘yicha o‘rnatilgan tartib hozirgi kun talablariga to‘liq javob bermayapti. Shuning uchun xalqaro qidiruvni yanada jadallashtirish bo‘yicha Interpol Bosh kotibiyatiga o‘z takliflarimizni berdik. Tizim faoliyatini yaxshilash maqsadida xorijiy ilg‘or ish tajribalarini joriy etish choralarini ko‘ryapmiz. Xullas, chet ellik hamkasblarimiz bilan birgalikda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida mavjud muammolarni hal etish yo‘llarini izlayapmiz.

Zero, bugungi kunda odam savdosi, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, avtotransport vositalari, ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar tobora global xususiyat kasb etmoqda. Qolaversa, qasddan odam o‘ldirish, firibgarlik, o‘g‘rilik va boshqa jinoyatlarni sodir etgan ayrim ashaddiy jinoyatchilar xorijdan o‘zlariga panoh izlashyapti. Ana shunday bir sharoitda jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘lida xalqaro hamkorlik har doimgidan ham ko‘ra kattaroq ahamiyatga ega.