27 iyul kuni Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti, Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Martabali mehmonni Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov kutib oldi.

Uchrashuv davomida tomonlar yurtimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor va boshqa bir qator masalalar yuzasidan fikr almashishdi.

“Siz AIBA rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lganingizdan so‘ng tashkilotda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Avvallari boks ichida muttahamliklarni ko‘p kuzatganmiz. Bu haqida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Tomas Bax ham aytib o‘tgandi. Siz tashkilot tepasiga kelganingizdan so‘ng AIBA har tomonlama o‘zgara boshladi”, — dedi MOQ rahbari.

O‘z navbatida G‘ofur Rahimov ham yurtimizda sportga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirib o‘tdi.

“Taklif uchun rahmat. Bilasiz, AIBA jahonda uchinchi yoki to‘rtinchi o‘rinda turuvchi sport federatsiyasi hisoblanadi. Boks butun dunyoda yaxshigina rivojlanib ketgan. Havaskorlar o‘rtasida ham, professionallar o‘rtasida ham turli musobaqalar tashkil qilib kelinmoqda. Yangi musobaqalarga asos solyapmiz. Aralash yakkakurash bo‘yicha yangi yo‘nalishni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritmoqchimiz. Unda ikki nafardan erkak va ayol o‘rtasida bahs kechadi. Bu qiziqarli sport musobaqasi bo‘lishi kutilmoqda”, — dedi G‘ofur Rahimov.

Umid Ahmadjonov mamlakatda sport tizimida yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida gapirib berdi.

“Biz ham sport tizimida o‘zgarishlarni amalga oshiryapmiz. Oldin terma jamoalarimizda faqatgina bir xil sportchilar yurtimiz sharafini himoya qilib kelishgan. Ularga esa o‘z vaqtida o‘rinbosar tayyorlanmagan. Masalan baydarka va kanoeda eshkak eshish haqida gapiradigan bo‘lsak faqat Vadim Menkov xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi. Yaqinda ochiq turnir tashkil qildik va unda 18 yoshli sportchi Menkovni ortda qoldira oldi. Aytmoqchimanki, o‘sha yangi nomlarni olib chiqa olishmagan. Yana boshqa sport turlaridan ham turli seleksion musobaqalarni tashkil qilyapmiz”, — dedi MOQ rahbari.

O‘z navbatida AIBA rahbari O‘zbekistonda boks rivoji uchun har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

“Ishontirib aytamanki, O‘zbekistonda boksning rivojlanishida AIBA har tomonlama yordam beradi. Bundan tashqari, o‘zbek boksi maktabi o‘z shonli tarixiga ega. Ustozlar an’anasini yosh avlod munosib davom ettirib, Tokio Olimpiadasida eng baland cho‘qqiga erishishlariga ishonchim komil.

Ko‘rsatilgan ehtirom va hurmat uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga chuqur minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman. Hamkorligimiz muvaffaqiyatli va istiqbolli bo‘lishiga ishonchim komil", — dedi AIBA Prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov.

Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan martabali mehmonga esdalik sovg‘asini taqdim etdi.