Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov Farg‘onadagi tergov izolyatorida bo‘lib, u yerdagi vaziyat haqida o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozib qoldirdi.

«Farg‘ona viloyatidagi tergov izolyatorida tahlillardan xulosalarim:

bugungi kunda qamoqxonalar mahbuslar sonining ko‘p bo‘lishidan manfaatdor. Chunki muassasaning moddiy ta’minoti va unda ishlovchilarga to‘lanadigan haq miqdori mahbuslarning soniga bog‘langan;

ichki ishlar tizimida qamoqxona yoki tergov izolyatorlarida xizmat qiluvchi xodimlarga «o‘gay farzand» prinsipi shakllanib qolgan. Ularni maishiy ta’minoti, rag‘batlantirilishi va xizmatda yuqorilashi juda qiyin amalga oshadi. Bu munosabat beixtiyor xodimlarning mahbuslarga bo‘lgan «do‘stona aloqalar"iga aylanadi;

qamoqxonalar odamlarni qayta tarbiyalash emas, yanada radikallashtirish, jamiyatga nisbatan nafratini yanada kuchaytirish maskanlari bo‘lib qolmoqda".

Shuningdek deputat mavjud holat yuzasidan o‘zining takliflarini bildirib o‘tdi:

«qamoqxona va tergov izolyatorlarida xizmat ko‘rsatadigan ichki ishlar xodimlariga munosabatni o‘zgartirish;

muassasalarning ta’minotini mahbuslarning sonidan kelib chiqish amaliyotidan voz kechish, aksincha u yerdan chiqqan mahbuslarning hayotda o‘rnini topib ketish darajasidan kelib chiqish lozim".