Avval xabar berganimizdek, 26 iyul kuni Toshkentning Bobur ko‘chasida 11-yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus daraxtga borib urildi. Mazkur holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ bayonot berdi.

2018 yil 26 iyul kuni Toshkent shahri, Mirobod tumani, Bobur ko‘chasida, soat chamasi 14:30 larda «3-avtobus saroyi» MCHJda tasarruf etiladigan «Beltepa mavzesi ASHB va mahalliy havo yo‘llari 3-terminal» bo‘ylab harakatlanadigan 11-yo‘nalishda haydovchi Anvar Islomov boshqaruvidagi davlat raqami 01 041 JFA, saroy raqami — 351 bo‘lgan «MAN» rusumli avtobusda1-sonli «Baxt uyi» (sobiq 1-FHDYO) qarshisida yo‘l-transport hodisasi sodir etdi. Yo‘l-transport hodisasi natijasida 9 nafar yo‘lovchi engil jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyatida maxsus ishchi komissiyasi tuzildi va voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda. Dastlabki surushtiruvda 1993 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan haydovchi A.Islomov shu kuni soat chamasi 05:00 larda yo‘nalishga ishga chiqqan. Yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan vaqtda 9-qatnovni amalga oshirayotgan bo‘lgan. Haydovchi sog‘lom, avtobus texnik soz holatda bo‘lgan. «3-avtobus saroyi» MCHJda 2 yildan buyon haydovchi sifatida ishlab kelgan.

Yo‘l-transport hodisasi haydovchi A.Islomov ish kunining ikkinchi yarmi boshida sodir bo‘lgan, ya’ni haydovchi birmuncha toliqqan. Mazkur hodisaga haydovchining yo‘lovchi tashish transporti tizimida ish tajribasi kamligi hamda boshqaruvni yo‘qotgan mahal shoshib qolgani sabab bo‘lgan. Ushbu hodisa barcha avtobus haydovchilari o‘rtasida muhokama etildi va ular qo‘shimcha yo‘riqnomadan o‘tkazilyapti. Sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi vaqtida jabrlanganlarga Jamiyat va uning tarkibidagi «3-avtobus saroyi» MCHJ tomonidan moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Buning uchun avtosaroydan mas’ullar biriktirildi.

Ayni paytda YTH tufayli jarohatlangan 9 nafar yo‘lovchining 6 nafariga uyga javob berilgan, qolgan 3 nafari shifoxonada salomatligini tiklamoqda.

Sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi uchun «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati shahar aholisi va mehmonlardan uzr so‘radi.

Yo‘l-transport hodisasi sabab va omillari ishchi komissiya tomonidan chuqur o‘rganilmoqda. Xizmat surushtiruvi tafsilotlari haqida tez orada yana ma’lumot beriladi.