«Zarafshon» gazetasi saytida Samarqand viloyati, So‘lim (Xishrav) shaharchasidagi chiqindi poligoni haqida maqola chop etildi.

Millionlab uchib yurgan yelim paketlar, yonayotgan chiqindilardan chiqayotgan tutun, pashshalar va yuzlab boqilayotgan cho‘chqalar. Bu — Samarqand viloyati, So‘lim (Xishrav) shaharchasining bugungi manzarasi.

Vaholanki, 40 yilcha avval Xishrav o‘zining sohillari va avtodromi bilan mashhur bo‘lgan, deb yozadi«Samarkandskiy vestnik».. Samarqandliklar oila bo‘lib bu yerlarga cho‘milgani, yana kimlardir bu yerga avtomobil haydashni o‘rganish va mashq qilishga kelardi. Biroq bugungi kunda ulardan asar ham qolmagan. Endi Xishrav 95 gektarga yastangan chiqindixona bilan mashhur.

To‘g‘ri, hozirgi paytda So‘limning egasiz yerlari tadbirkorlar tomonidan o‘zlashtirilib, sendvich-panel, turli metall konstruksiyalari, baliqlar uchun yem ishlab chiqarilyapti, issiqxonalar qurilib, uzumzorlar barpo etilyapti. Biroq poligon yaqin ekani har qadamda sezilib turadi.

Nashrning yozishicha, tadbirkorlar besh metrli devor qurib, ustidan uch metrli to‘r tortgan va shu yo‘l bilan uchib yurgan paketlarni to‘xtatishni rejalashtirgan. Biroq bu ham yetarli darajada yordam bermayapti.

Xishravga kuniga o‘nlab, balki yuzlab yuk mashinalari qurilish va boshqa chiqindilarni olib kelib to‘kishmoqda. Bugungi kunda bu qo‘rg‘onda ikkita poligon bor. Biri ishlamaydi, biroq bu yerga chiqindilar baribir olib kelib tashlanadi. Ikkinchisiga esa har 10−15 daqiqada Samarqanddan chiqindilar (bu esa kuniga 450 tonna qattiq maishiy chiqindi degani) olib kelinadi.

— Xishravda biz ko‘rib turgan chiqindixonani jahon standartlariga javob beruvchi qattiq maishiy chiqindilar poligoni deb bo‘lmaydi, — deydi EKO «Zarafshon» NNT rahbari Gauhar Deusheva. — Poligonlar aholining sanitar-epidemiologik xavfsizligini ta’minlashi kerak. Buning uchun, avvalambor, yerosti suvlari ifloslanmasligi uchun chiqindilar pastidan hamda yonidan to‘silishi kerak. Bu yerda cho‘chqa boqish qat’iyan taqiqlanadi. Ushbu hududda cho‘chqa boqish mumkin emasligini viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazidan boshlab veterinariya xodimlari va uchastka nozirlari ham bilishadi, biroq hech qanday amaliy chora ko‘rilmaydi.

Samarqand shahri davlat veterinariya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Boliqul Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, barcha cho‘chqalar «Navro‘z» mahallasi fuqarolariga tegishli. Ular 100 foiz shu yerda oziqlantiriladi.

— Uchastka veterinariya noziri Azim G‘afurov bilan mahallada bu jonivorlarni doimiy ravishda kuydirgi, o‘lat, ekzema kasalliklariga qarshi emlab kelamiz, — deydi B.Hakimov. —  Biroq cho‘chqa egalarining o‘zlari ham nechta jonivori borligini bilishmaydi, chunki ularni qoida bo‘yicha parvarishlamaydi, mahalla oralab, yo‘l chetlarida yurishlariga qo‘yib berishadi. Biz bir necha marta mahalla ahlini yig‘ib, ularga jonivorlarni saqlash qoidalarini tushuntirdik, cho‘chqalar orasida kasallik tarqalishi xavfi haqida aytdik, biroq odamlarga bu gaplar deyarli ta’sir qilmayapti. Ularning ko‘pchiligi hech qayerda ishlamaydi, cho‘chqa boqish yagona daromadi. Biz har tomonlama talablarga javob beradigan ixtisoslashgan yirik cho‘chqa fermasini tashkil qilishni taklif etdik. Biroq bu ularni qiziqtirmadi, chunki shunda ular yemish haqida o‘ylashi kerak bo‘ladi. Bu chiqim degani, ular esa buni istashmaydi.

Bu cho‘chqalarning go‘shtini aholining o‘zi iste’mol qiladimi yoki u kimlargadir sotiladimi, bu haqda maqolada ma’lumot berilmagan.

Cho‘chqalardan qo‘shnilar ham bezor. Ular viloyat DSENMga shikoyat qilishdan charchashgan.

— Hozir yoz, biz esa cho‘chqa boqayotgan qo‘shnilar dastidan derazalarimizni ocholmaymiz, — deydi «Navro‘z» mahallasida yashovchi Mohigul Tursunova. — Ertalab soat 4 da yuzlab cho‘chqa qo‘yib yuboriladi va ular to‘g‘ri chiqindixonaga qarab ketishadi. Butun ko‘cha sasib ketadi, hamma joyni tezagi bosib ketadi. Mening o‘zim qishloq vrachlik punktida sanitarman, tozalikni yoqtiraman. Uyimda ikkita voyaga yetmagan farzandim bor, biroq bu bedodlikka hech qanday chora ko‘rolmayman.

Viloyat DSENM bosh vrachi Obro‘y Boyqobilovning so‘zlariga ko‘ra, idora xodimlari tomonidan antisanitariya holatlari bo‘yicha reydlar o‘tkazib kelinadi, sanitariya-gigiyena qoidalarini buzganlar jarimaga tortilyapti. Shahar maishiy chiqindilar poligoni xodimlari tomonidan ham muayyan ishlar olib borilayotgan ekan.

— Chiqindixona bugungi kunda to‘siq bilan o‘ralgan, chiqindini sortirovka (tartiblash) qiluvchilar uchun bino qurib berilgan, — deydi O.Boyqobilov. — Biroq qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiyasiga kompleks yondashuv katta mablag‘ni talab etadi. Biz Fransiyaning «Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishni modernizatsiyalash» loyihasiga katta umid bog‘laganmiz.

— Loyiha avgustda start oladi, — deydi «Maroqand obod» DUK ekspluatatsiya bo‘limi boshlig‘i Shohruh Sodiqov. — Mazkur kompleks loyiha nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘zbekistonda noyob bo‘lib, yig‘ish, qayta ishlash va utilizatsiya — barcha jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Loyihada qattiq maishiy chiqindilarni saralash sexi va chiqindi ko‘mish markazi barpo etish ko‘zda tutilgan. Samarqandda barcha sanitariya qoida va me’yorlariga javob beruvchi qo‘shimcha 135 ta chiqindixona quriladi. Ularning har biriga turli chiqindilar uchun sakkiztadan konteyner qo‘yiladi. Shuningdek, biz yaqinda 80 ta chiqindi tashuvchi va yordamchi texnikani yetkazish uchun tender e’lon qilamiz. Bu texnikalar yilning oxirigacha shahar bo‘ylab qatnashni boshlaydi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, loyihaga asosan organik chiqindilardan ajralib chiquvchi gazlarni yig‘adigan uskunani o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu gaz chiqindi tashuvchi va boshqa mashinalarga quyiladi, poligonni elektr quvvati bilan ta’minlaydi.