Prezidentning 19 iyuldagi qarori bilan jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan, bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tovarlar uchun jo‘natma turiga: pochta va kur’yerlik jo‘natmasi orqali kelayotganligiga qarab cheklangan me’yorlar belgilandi, deya xabar qildi Norma.uz.

Ilgari pochta va kur’yerlik jo‘natmalari uchun yagona me’yor amal qilar edi — oyiga 1 000 AQSH dollari. Endilikda esa xorijdan bitta pochta jo‘natmasi uchun cheklangan me’yor 100 dollar, kur’erlik jo‘natmalari uchun esa har chorakda 1000 dollar etib belgilandi.

Yuridik shaxslar uchun xalqaro pochta va kur’yerlik jo‘natmalari uchun cheklangan me’yor 100 dollar bo‘ldi.

Ma’lumotnoma: xalqaro pochta jo‘natmalari — tegishli o‘ramda muayyan manzilga jo‘natilgan yozma xat-xabarlar, posilkalar va bosma nashrlar; xalqaro kur’yerlik jo‘natmalari — qisqa muddatlarda qo‘ldan qo‘lga topshirgan holda yetkazib beriladigan pochta kartochkalari, xatlar, banderollar, posilkalar, bosma nashrlar.

Monitoring qilish mexanizmini soddalashtirish maqsadida pochta aloqasi operatorlari va provayderlari zimmasiga xalqaro kur’yerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga kelayotgan tovarlar to‘g‘risida ma’lumot berish majburiyati yuklatildi. Buning uchun quyidagi axborotni elektron tarzda oldindan taqdim etish imkonini beruvchi maxsus tizim joriy etiladi: qabul qiluvchining FIO, uning manzili, pasport seriyasi va raqami yoki STIR, shuningdek pochta aloqasi operatori yoki provayderining nomi, jo‘natuvchi davlat, jo‘natmaning tavsifi va uning qiymati.