2018 yilning birinchi yarmi mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 262 095 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 75 258 taga ko‘p bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta’sirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida ko‘rilgan ishlarning salmoqli qismi, ya’ni 69 foizi bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 1 836 tasi videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 1 045 188 170 so‘m miqdoridagi mablag‘lari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 24 496 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 499,9 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kontraktatsiya, ijara, pudrat, kredit, lizing, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.



,