O‘zbekiston avtomobil transporti agenligi joriy yil so‘ngiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 3500 ta avtobusga elektron to‘lov tizimi qurilmalarini o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zavtotrans» agentligi boshlig‘i Davron Dehqonov 2018 yil yanvar-iyun oylari ish yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Ayni paytda «Unicon.uz» DUK bilan umumiy foydalanishdagi yo‘lovchilar tashish transportida yo‘l haqini yagona avtomatlashtirilgan to‘lash tizimini joriy etish yuzasidan dasturiy mahsulotni ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriqni tayyorlashga kirishilgan.

Shuningdek, jamoat avtotransportining yo‘nalishlarda ishlashini nazorat qilish maqsadida «Yagona dispetcherlik markazi tizimi"ni joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Unga ko‘ra, joriy yil yakuniga qadar agentlikda Yagona dispetcherlik markazi va viloyat markazlarida hududiy dispetcherlik pultlari ishga tushiriladi. Nukus va Toshkent shaharlari, viloyatlar markazlarida 3500 ta avtobusga masofadan turib nazorat qilish maqsadida GPS qurilmalari o‘rnatiladi. Mazkur loyiha doirasida 5 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.