O‘zbekistonda korxonalar rahbarlarining 60 foizi bozorda raqobatning o‘sishi yaqin besh yilda o‘z biznesiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb hisoblaydi. Ushbu ma’lumot dunyoning yirik kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida global so‘rov o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi CEO Survey`ning O‘zbekistonga bag‘ishlangan ilk sonida keltirib o‘tildi. Uning taqdimoti 26 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.

PricewaterhouseCoopers (PwC) auditorlik kompaniyasi 21 yildan buyon tadqiqot o‘tkazib keladi. Unda butun dunyodagi qariyb 1500 nafar biznes egalari ishtirok etadi. So‘rov natijalari Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida e’lon qilinadi.

O‘zbekistonga bag‘ishlangan son «Ehtiyotkor optimizm» deb nomlandi. PwC fikriga ko‘ra, u O‘zbekiston kompaniyalari rahbarlarining kelajakka taraddudi va ishonchini aks ettiradi.

So‘rovda 30 nafar CEO (chief executive officer — bosh ijrochi direktor, ya’ni kompaniya boshlig‘i) ishtirok etdi. Bunda davlat yoki davlat tomonidan nazorat qilinuvchi kompaniyalar rahbarlari jalb qilinmadi. 97 foiz respondent erkaklardan iborat bo‘ldi. So‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘prog‘i (51 foizi) — 24−34 yoshdagi yosh tadbirkorlar. 32 foiz rahbarlar xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan kompaniyalarni boshqarsa, 21 foizi — moliya, 18 foizi — iste’mol tovarlari, 11 foizdani — texnologiyalar va sanoat mahsulotlari hamda 7 foizi — sog‘liqni saqlash sohalarida faoliyat ko‘rsatadi.

So‘rov yakunlariga ko‘ra, 87 foiz CEO yaqin yillarda o‘z kompaniyasi daromadlari o‘sishiga ishonch bildirib, Rossiya (75 foiz) va Qozog‘istondagi (86 foiz) biznes rahbarlari bilan solishtirilganda ancha yuqori optimizm kayfiyatini namoyish etgan.

O‘zbekistonlik rahbarlarning katta qismi o‘z bisnesining istiqbolli o‘sishi nuqtai nazaridan Rossiya (67 foiz), Qozog‘iston (43 foiz), Xitoy (37 foiz), Turkiya (30 foiz) va Janubiy Koreya (23 foiz) mamlakatlarini muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi. O‘zbekiston kompaniyalari rahbarlarining 7 foizigina AQSHni bo‘lg‘usi bisnesi uchun ahamiyatli deb ko‘rsatgan bo‘lsa, 10 foizi Germaniya, 17 foizi YeIning boshqa davlatlarini belgilagan.

So‘rov ishtirokchilarining 70 foizi iqtisodiyotning o‘sishiga ishonch bildirgan. Ayni paytda respondentlar malakali kadrlar yetishmovchiligidan xavotir bildirmoqda (60 foiz).