Fuqaro Sh. Boymurotov Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 1 noya­brdagi “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini takomillashtirish va iste’mol qilinayotgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar intizomini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qa­rori talablariga zid ravishda buzib, 2013 yil 1 yanvardan 2017 yil 1 iyuliga qadar 100 kVt transformator, bir dona 18.5 va 1.5 kVtli kuchlanishga ega elektr dvigatelli suv nasoslaridan Zomin tuman elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan foydalanib kelgan.

Buning oqibatida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, davlat manfaatlariga 48 million 269 ming 520 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazganlikda ayblangan.

Dastlabki tergov organi tomonidan Sh. Boymurotovga nisbatan Jinoyat kodeksining 1852-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etgan, degan ayb qo‘yilgan. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi sudyasi Shuhrat Xudoyorov “Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Birinchi bosqich sudi Sh. Boymurotovga tegishli jinoyat ishi yuzasidan to‘p­langan va sudda tekshirilgan dalillarni atroflicha muhokama qilib chiqdi. Sudlanuvchiga nisbatan qo‘yilgan ayblov o‘z tasdig‘ini topmaganligi bois Jinoyat protsessual kodeksining 464-moddasi 1-qismi 3-bandida nazarda tutilgan asosga ko‘ra, jinoyatni sodir etishga daxli bo‘lmagani uchun oqlov hukmi chiqardi.

Birinchi bosqich sudining Sharof Boymurotovga nisbatan chiqargan ushbu oqlov hukmi ustidan Yangiobod tuman prokurori tomonidan keltirilgan protest viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’ati birinchi bos­qich sudining oqlov hukmini o‘zgarishsiz, apellyatsiya tartibidagi protestni qanoatlantirishsiz qoldirish ha­qi­da ajrim chiqardi.

Sh. Boymurotovga dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlar jinoyat ishi sudda mazmunan ko‘rilish chog‘ida o‘z isbotini topmagani sababli sud oqlov hukmi chiqargan. Aniqroq aytganda, “Toshkesgan” qish­loq fuqarolar yig‘ini hududidagi ichimlik suv nasosi orqali “Navro‘z”, “Shod­lik” va “Tinchlik” mahallalari aholisiga toza ichimlik suvi yetkazib beriladi. Suv nasosi kim tomonidan, qachon o‘rnatilgan, u kimga tegishli ekanligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Shunisi aniqki, Sharof Boymurotov 2014 yilning avgust oyidan ana shu suv nasosi yonidagi, biron-bir tashkilotning hisobida turmaydigan bir xona va ayvondan iborat noturar joyda oila a’zolari bilan yashab kelgan. U qishloq fuqarolar yig‘ini raisining topshirig‘iga ko‘ra, suv nasosini haftada uch marotaba bir soatdan ishlatgan. Albatta, ichimlik suvi uchun aholidan pul yig‘ilgan. Sh. Boymurotov esa, bu pullarni “Suvoqova” bosh­qarmasi g‘aznasiga topshirib, to‘langan pul pattalarini mahalla fuqarolar yig‘iniga keltirib bergan. Suv nasoslarini ta’mirlash ham aholi hisobidan amalga oshirilgan.

Sh. Boymurotov aholidan elektr energiyasiga to‘lov uchun pul yig‘magan.

Biroq tekshirish chog‘ida pul yiqqan, deb aldab, so‘roq bayonnomasiga kiritishgan va uni o‘qib bermasdan Sh. Boymurotovga imzo qo‘ydirib olingan. Sud majlisida so‘ralgan barcha guvohlar suv nasosini ishlatish va aho­liga suv yetkazib berish uchun elektr energiyasiga biron marta ham pul yig‘ilmaganini bildirishgan.

Sud majlisida “Navro‘z”, “Shodlik” va “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi guvohlar ushbu suv nasosi o‘rnatilganidan buyon hozirga qadar elektr tarmog‘iga ulangani, Sh. Boymurotovdan oldin ham qishloq fuqarolar yig‘ini raisi va oqsoqollarining topshirig‘i bilan ishlagan boshqa shaxslar suv nasosida shu tariqa aholiga ichimlik suvi tar­qatib kelishganini ta’kidlashdi.

Jizzax “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Zomin tuman filialidan berilgan ma’lumotnomada ko‘rsatilishicha, ushbu suv nasosi ularning hisobida turmaydi. O‘rtada shartnoma ham rasmiylashtirilmagan. Suv nasosi kimga tegishliligi haqida esa, umuman ma’lumot mavjud emas.

Jinoyat ishida to‘plangan hujjatlarga qaraganda, Sh. Boymurotovning suv nasosi uchun moddiy javobgarligi to‘g‘risida biron-bir tashkilot yoki mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan buyruq chiqarilmagan.

Sh. Boymurotov aholidan elektr energiyasi uchun pul yiqqanini tasdiqlovchi hujjatlar ham mavjud emas. Mazkur holat surishtiruv va tergov organi tomonidan aniqlanmagan.

Tergovda jinoyat ishi yuzasidan 2017 yil 7 iyulda o‘tkazilgan qayta hisob-kitob xulosasida Sh. Boymurotov tomonidan elektr dvigatellardan kuniga 12 soatdan foydalanganligi natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 48 million 269 ming 520 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi ko‘rsatilgan.

Aslida, yuqorida guvohi bo‘lganingizdek, Sh. Boymurotovga ushbu suv nasosi buyruq bilan yuklatilmagan. Am­mo bunga qaramay elektr ta’minotidan noqonuniy foydalanilgani oqibatida suv nasosi bo‘yicha yetkazilgan moddiy zarar Sh. Boymurotovga nisbatan hisoblangan.

Birinchi bosqich sudi aho­liga suv inshootidagi elektr dvigatellar elektr tarmog‘iga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmasdan ulanib, moddiy zarar yetkazilgani, biroq tergov organi tomonidan mazkur holatda haqi­qiy aybdor shaxslar surishtiruv va tezkor-tergov yo‘li bilan aniqlanmasdan, Sh. Boy­murotovga nisbatan ayb e’lon qilinib, barvaqt xulosaga kelingan deb topgan. Apellyatsiya sudlov hay’ati ham bu xulosani to‘g‘ri deb topdi.

Qisqasi, apellyatsiya ins­tansiyasi Jinoyat kodeksining 1852-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda daxli bo‘lmagani sababli birinchi bosqich sudi tomonidan Sh. Boymurotovga nisbatan chiqarilgan oqlov hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi. Tasdig‘ini topmagan ayblov sud tomonidan oqlov hukmi chiqarilishiga asos bo‘ldi.