O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishi asosida Prezident devoni, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaning mas’ul vakillaridan tuzilgan tekshiruv guruhi Qashqadaryoda ish boshlashidan ko‘zlangan maqsad viloyat ichki ishlar organlarining fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi faoliyatiga baho berishdan iborat. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Tekshiruv guruhi o‘z faoliyati davomida har bir xodimning fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalaligiga, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning tub sabablariga e’tibor qaratmoqda.

Viloyatning ayrim hududlarida huquq-tartibot idoralari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatish borasida ba’zi kamchiliklar ham ko‘zga tashlanyapti. Ayrim xodimlar tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlarning asl mazmunini anglamasdan, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotgani kuzatilmoqda.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida xodimlarni o‘qitish, ularning kundalik xizmat faoliyatini «xalq manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida tashkil etish, ular tomonidan tamagirlik, poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi qonun va xizmat intizomini buzish holatlariga chek qo‘yish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Tekshiruv guruhi viloyatning Nishon, Kasbi, Qarshi, Muborak, Mirishkor, Koson, Chiroqchi, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahri ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishdi. Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov Qarshi tumani IIB shaxsiy tarkibi bilan uchrashuvda har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan qanchalik xabardorligiga baho berdi, fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish va bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida so‘z yuritdi. Xizmat intizomini buzayotgan, ichkilikka ruju qo‘ygan, o‘z xizmat vazifasini unutgan xodimlarga ichki ishlar organlari tizimida joy yo‘qligini ta’kidladi.

Ma’lumki, fuqarolarga qulaylik yaratish, ularning muammolarini o‘sha joyning o‘zida hal etish maqsadida mamlakatimizning barcha shahar-tumanlarida ichki ishlar bo‘lim (bo‘linmalari) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu tajriba o‘zini oqlab, bugun ichki ishlar bo‘limlari aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Qarshi shahrida ham to‘rtta ana shunday ichki ishlar bo‘limi binolari qurib bitkazildi. Vazir yaqinda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan Qarshi shahridagi 1 va 4-ichki ishlar bo‘limlari bilan yaqindan tanishdi, binolarda fuqarolarga tez va sifatli xizmat ko‘rsatish borasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, Qarshi shahrida ichki ishlar organlari xodimlari uchun qurib bitkazilgan 48 xonadonli ko‘p qavatli uyda bo‘lib, xodimlar va ularning oila a’zolari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Bundan tashqari, 11 ming nafardan ortiq aholi «Otchopar» mahalla fuqarolar yig‘iniga borib, bu yerda xizmat qilayotgan 32-sonli tayanch punkti profilaktika inspektori faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mahalla hududida osoyishtalikni ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan 16 ta intellektual videokuzatuv moslamasining profilaktika inspektori planshetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangani ijobiy holat sifatida baholandi.

Viloyat IIB tasarrufidagi «Yulduzcha» maktabgacha ta’lim muassasasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Vazir bu yerda tarbiyachilar, bolajonlar bilan suhbatlashdi. Muassasadagi shart-sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shu kuni general-mayor P.Bobojonov yaqinda qurib bitkazilgan va foydalanishga topshirilgan Qarshi tumani qo‘riqlash bo‘limi hamda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi binolariga bordi. Qo‘riqlash bo‘limida xodimlar uchun yaratilgan qulayliklar, xususan, kutubxona tekshiruv guruhi a’zolarida yaxshi taassurot qoldirdi. Kutubxona ko‘rgazma uchun emasligi, undan har bir xodim unumli foydalanishi lozimligi ta’kidlanib, shaxsiy tarkibning ma’naviyatini yanada oshirish borasida ko‘rsatmalar berildi.