Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sobiq sardori Server Jeparov faoliyatini Qozog‘istonning «Jetisu» klubida davom ettiradi, deya xabar bermoqda «Xalq so‘zi Online».

Hozircha 35 yoshli futbolchining qanday shartlar evaziga yangi klubga o‘tgani borasida aniq ma’lumotlar berilmagan. Jeparov yangi jamoasi bilan bir yillik shartnoma imzolagan.

Ma’lumot uchun, Server Jeparov o‘z vaqtida O‘zbekistonda «Navbahor», «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Lokomotiv» jamoalarida to‘p surgan. Bundan tashqari u legioner sifatida Janubiy Koreyaning «Seul», «Sonnam», «Ulsan Hyonde» klublari sharafini himoya qilgan. So‘nggi vaqtlarda esa u faoliyatini Eronda davom ettirayotgandi. Avvaliga u «Istiqlol» jamoasida to‘p surgan bo‘lsa, keyinroq «Sepahon» jamoasi safiga borib qo‘shilgandi.