Prokuratura organlari tomonidan mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish borasida 2018 yil birinchi yarmida muayyan ishlar amalga oshirildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur ishlar davomida asosiy e’tibor quyidagilarga qaratildi:

Tashkiliy-huquqiy tadbirlar:

— qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, islohotlar va demokratik o‘zgarishlarni samarali amalga oshirish maqsadida 6 ta boshqarma qayta tuzildi va 3 ta yangi boshqarma tashkil etildi;

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.04.2018 yildagi farmoniga muvofiq qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va suv iste’moli sohasida nazorat tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Bosh prokuratura huzurida yangi tuzilma Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi;

— prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslari Bosh prokuratura Akademiyasi etib qayta tashkil etildi;

— O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasiga tegishlilikni bildiruvchi rasmiy timsollar — O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining bayrog‘i va gerbi tasdiqlandi;

— o‘tkazilgan inventarizatsiya natijalari bo‘yicha Bosh prokurorning 7 ta buyruqlari bekor qilinib, zamonaviy talablar va qonunchilikdagi o‘zgarishlar asosida 13 ta yangi buyruqlar qabul qilindi;

Aniqlangan tizimli kamchiliklarni huquqni qo‘llashni yagona amaliyotni shakllantirish va samaradorligini oshirish, shuningdek, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish orqali bartaraf etish:

Qonuniylik va jinoyatchilik ahvoli tahlili natijalari bo‘yicha, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish, huquqiy normalarni qo‘llashda sub’ektivlikka yo‘l qo‘ymaslik, normativ-huquqiy hujjatlar amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida o‘tgan davrda Bosh prokuratura tashabbusi bilan 32 ta normativ-huquqiy xujjat qabul qilindi;

Shu jumladan:

— iqtisodiyot tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot, xomashyo va materiallar turlari bilan barqaror ta’minlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada samarali foydalanish:

— mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va raqobatbardoshligini oshirish uchun kulay shart-sharoitlar yaratish, respublikaga dori vositalari va tibbiyot buyumlari olib kirishni yanada tartibga solish;

— mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash;

— axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, elektron davlat xizmatlari va telekommunikatsiya xizmatlari spektrini kengaytirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish;

— xorijda joylashgan va O‘zbekiston Respublikasi sudlarining qarorlariga asosan davlat daromadiga o‘tkazilgan mulkdan samarali foydalanishni ta’minlash;

— jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish;

— arxitektura-qurilish sohasini boshqarishning shaharsozlik faoliyatiga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish imkonini beruvchi zamonaviy tizimni yaratish va boshqalarga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalga oshirish va prokuratura organlari faoliyati oshkoraligini ta’minlash:

2018 yil birinchi yarmida prokurorlar tomonidan qonuniylik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ahvoli haqida Xalq deputatlari Kengashlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlariga 599 ta axborot kiritildi, Kengashlar yig‘ilishlarida prokurorlarning 294 marotaba hisobotlari eshitildi.