Adliya organlari tomonidan 2016−2018 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishida qonun hujjatlariga rioya etilishi ahvoli o‘rganildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yer uchastkasining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan 2016−2018 yillarda respublika bo‘yicha 4 689 ta turar va 1 456 ta noturar joylar buzilgan.

O‘rganish yer uchastkalarini olib qo‘yishda ayrim hokimliklar tomonidan qonunchilik talablari buzilganligini ko‘rsatdi.

Xususan:

1. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati bilan mol-mulki buzilishga tushgan mulkdorlar buzilish boshlanishidan olti oy kechikmay yozma xabardor qilinishi shart bo‘lsa-da, buzilgan turar joy egalari 688 ta holatda (Namangan — 569 ta, Andijon — 57 ta, Navoiy — 31 ta, Buxoro — 22, Samarqand — 7 ta) umuman xabardor qilinmagan, 985 ta holatda (Xorazm — 212 ta, Samarqand — 189 ta, Surxondaryo — 172 ta, Qoraqalpog‘iston — 125 ta) xabardor qilish muddatiga rioya qilinmagan.

Masalan, Namangan shahri, Uychi ko‘chasidagi 358 ta turar joylar mulkdorlari yozma ravishda xabardor qilinmasdan 2016 yilning avgust oyida buzib yuborilgan. Xiva shahridagi 84 ta turar joylar mulkdorlariga yozma xabar berilgandan 5−7 kun o‘tib buzilgan.

2. Nizom talablariga zid ravishda 100 ta holatda (Andijon — 56 ta, Navoiy -31 ta, Buxoro — 6 ta, Xorazm — 4 ta, Namangan — 2 ta, Jizzax — 1 ta) buzilgan turar joylar baholanmagan bo‘lsa-da, ular uchun kompensatsiya to‘langan.

Shuningdek, 391 ta holatda (Andijon — 192, Xorazm — 138, Samarqand — 37, Qashqadaryo — 14 ta, Qoraqalpog‘iston — 9 ta) esa turar joylar buzilgandan keyin baholangan.

Masalan, Qo‘rg‘ontepa tumanida 5 ta turar joylar baholanmasdan 104 million so‘m kompensatsiya to‘langan. Andijon shahrida 2016 yil may oyida buzilgan 42 ta turar joyni baholash 2018 yil 23 aprelda, ya’ni oradan 2 yil o‘tib amalga oshirilgan.

3. Qonunchilikka ko‘ra, davlat va jamoat manfaatlari uchun olingan yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulklar uchun kompensatsiya to‘lovi buzilishidan oldin to‘lanishi shartligi belgilangan bo‘lsa-da, respublika bo‘yicha turar joylari buzilgan 37 nafar mulkdorga — 3 milliard 252 million so‘m umuman to‘lanmagan, 215 nafariga esa — 15 milliard 67 million so‘m to‘liq to‘lab berilmagan.

Xususan, Namanganda — 6 milliard 889 million so‘m, Sirdaryoda — 5 milliard 753 million so‘m, Navoiyda -1 milliard so‘m, Jizzaxda — 601 million so‘m, Xorazmda — 444 million so‘m, Andijonda va Surxondaryoda — 136 million so‘mdan, Qashqadaryoda — 91 million so‘m kompensatsiya to‘lovlari bugunga qadar to‘lanmay kelinmoqda.

Masalan, To‘raqo‘rg‘on tumani Pastnaymancha va Xo‘jand mahallalari hududida 2017 yil may-iyun oylarida buzilgan 14 ta turar joylar uchun hisoblangan 1 milliard so‘m kompensatsiya puli umuman to‘lanmagan.

Guliston shahrida 2017 yil may-sentyabr oylarida buzilgan 113 ta turar joylar uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya mablag‘ining 5 milliard 753 million so‘mi to‘lanmay kelinmoqda.

Xuddi shunday, noturar joylari buzilgan 13 nafar mulkdorlarga 1 milliard 583 million so‘m umuman, 24 nafariga esa 1 milliard 300 million so‘m qisman kompensatsiya to‘lanmay kelinmoqda. Buzilgan 255 ta noturar joy mulkdorlariga bino-inshoot qurish uchun yer uchastkalari ajratilmagan.

Bundan tashqari, deyarli barcha hududlarda turar joylar buzilishi munosabati bilan mulkdorlarni (ularning oila a’zolarini) vaqtinchalik turar-joy bilan ta’minlash yoki ularga ijara haqi va ko‘chib o‘tish xarajatlarini qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklariga adliya organlari tomonidan 127 ta taqdimnoma va 52 ta ogohnomalar kiritilib, huquqbuzarliklar sodir etgan 74 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar tegishli sudlarga yuborildi.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli taqdimnomalar kiritildi va bu haqda hukumatga axborot berildi.

Hozirda tuman (shahar) adliya bo‘limlari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va bu jarayonda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash masalalari yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirmoqdalar.

Shuningdek, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari vazirlik tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.